GTL kundaligi: Mirahmedova Saodat
GTL kundaligi loyihasining navbatdagi qahramoni —2010-yildan boshlab “Uzbekistan GTL” MChJda samarali faoliyat yuritib kelayotgan, korxonaning "Tarjima qilish va xodimlar bilimini baholash" bo‘yicha mutaxassisi Miraxmedova Saodat Shuxratovna
1. O‘zingiz haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsangiz.
Mening ismim Mirahmedova Saodat. 1973-yilda Toshkent shahrida tug‘ilganman. Oilaliman, ikki nafar farzandim bor. Yoshligimdan xorijiy tillarga bo‘lgan qiziqishim meni tarjima sohasiga undadi. Oliygohga ham shu yo‘nalish bo‘yicha o‘qishga kirib, 1996-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining tarjimonlik fakultetini tamomlaganman va ayni vaqtda ham o‘zim sevgan kasbda faoliyat olib boryapman.
2. Zavoddagi kunlik vazifalaringiz va tarjima sohasidagi tajribangiz haqida gapirib bersangiz.
Men 2010-yildan beri “Uzbekistan GTL” zavodida faoliyat yuritaman. Asosan korxonadagi yozma tarjima ishlari bilan shug‘ullanishim bilan birga, matnlarni tahrir qilish, xodimlar uchun IELTS va CEFR imtihonlariga tayyorlov materiallarini ishlab chiqish kabi vazifalarni bajaraman. Zavodning o‘ziga xos tomoni shundaki, bu yerda ko‘plab turli mutaxassislar faoliyat yuritishadi va har birining sohasiga xos o‘z terminlari bor. Shuning uchun men har doim atamalarning to‘g‘ri ma’nosini o‘rganishga intilaman, mutaxassislar bilan bevosita muloqot qilaman. Shu tarzda, kontekst va terminlarning aniq mazmunini tushunib, tarjimaga xatolik kiritmasdan aniq ishlashga harakat qilaman. O‘ylashimcha, shu vaqt ichida texnik, huquqiy va iqtisodiy tarjima sohalarida ancha katta tajriba orttirdim. Zavoddagi turli jarayonlar va sohalar bilan yaqindan tanish bo‘lish, tarjima mahoratimni tobora yuksaltirishga yordam beradi.
3. “Uzbekistan GTL” dagi qaysi tashabbuslardan faxrlanasiz?
Korxonamiz tomonidan ko‘plab tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Ular orasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslardan biri talabalar uchun stipendiya dasturi loyihasi, ishlab chiqarish amaliyot dasturi va boshqa bir qancha tashabbuslar. Ularning barchasidan faxrlanaman, ayniqsa, zavodning atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan tashabbuslari va ekologik mas’uliyatga asoslangan yondashuvlari menda katta faxr uyg‘otadi. Bu tashabbuslar nafaqat jamiyat, balki kelajak avlod uchun ham muhim ahamiyatga ega. Ular yordamida ishlab chiqarish jarayonida yuqori samaradorlik bilan birga, atrof-muhitga ta’sirni minimal darajaga tushirishga erishilmoqda
4. Oilangiz haqida qisqacha aytib bering. Farzandlaringiz qanday kasblarni tanlashni orzu qilishadi?
Men ikki farzandning onasiman va ularning orzu-intilishlari biz ota onalar uchun doim ilhom manbai bo‘lib kelgan. O‘g‘lim Toshkent Davlat Texnika Universitetida energetika yo‘nalishi bo‘yicha 3-kursda tahsil oladi. U o‘z sohasida yetuk mutaxassis bo‘lib, energetika sohasida professional faoliyat qurishni niyat qilgan. Qizim esa tibbiyot kollejining 3-kurs talabasi. U kelajakda shifokor bo‘lib, tibbiyot sohasiga o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilgan.
5. Bo‘sh vaqtlaringizni qanday o‘tkazasiz?
Bo‘sh vaqtlarimni oilam bilan mazmunli o‘tkazishga harakat qilaman. Farzandlarim bilan ularning ta’lim va qiziqishlari haqida suhbatlashaman. Shuningdek, kitob o‘qish, tabiat qo‘yniga oilaviy sayrlar qilish va yaqinlarim uchun mazali taomlar tayyorlashdan zavq olaman.
6. Sizni hayot va ishda nima ilhomlantiradi?
Ishda doimiy ravishda yangi bilimlarni o‘zlashtirish va professional rivojlanish imkoniyatlari meni ilhomlantiradi. Hayotda esa oilamning baxtli va sog‘lom bo‘lishi men uchun eng katta motivatsiyadir. Farzandlarimning muvaffaqiyatlari, ularning mehnatlari va kelajakka bo‘lgan intilishlari menga kuch-quvvat bag‘ishlaydi.
7. Siz uchun eng yaxshi sovg‘a nima?
Men uchun eng yaxshi sovg‘a – yaqinlarimning samimiy e’tibori va ular bilan birgalikda o‘tkazilgan qimmatli vaqt. Bunday onlar hayotning eng yorqin xotiralarini yaratadi va meni har doim quvontiradi.
8. Oilaviy hayot va mas’uliyatli ishni qanday qilib bir vaqtda muvaffaqiyatli olib borasiz?
Vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish va ustuvor vazifalarni belgilashdir. Ishda va uydagi mas’uliyatlarni muvozanatlashtirishda oilamning qo‘llab-quvvatlashi katta rol o‘ynaydi. Ularning qo‘llab-quuvatlashi tufayli barcha ishlarimni o‘z vaqtida bajarishga erishaman.
9. Zavodda ishlayotgan yosh mutaxassislarga qanday maslahatlar berasiz?
Yosh mutaxassislarga har doim bilim doiralarini kengaytirish, sohaga oid mas’uliyatli va tashabbuskor bo‘lish, turli murakkab jarayonlarni chin dildan o‘rganib, sabr bilan o‘z mahoratlarini namoyon etishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Chunki aynan sabr va intizom bilan har qanday qiyinchiliklarni yengib, yuqori marralarga erishish mumkin.