“Uzbekistan GTL” MChJda Yaponiyada magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlab kelgan xodim ishtirokida Yaponiya ta’lim tizimi va grant imkoniyatlariga bagʻishlangan seminar bo‘lib o‘tdi
“Uzbekistan GTL” MChJda Yaponiya Taraqqiyot Stipendiyasi (JDS) asosida magistratura bosqichini tamomlab, MBA darajasini olgan Personalni boshqarish bo'limi xodimi Baratov Nurbek tomonidan korxona xodimlari uchun seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda u Yaponiya oliy taʼlim tizimi, xalqaro grantlar, tanlov tartibi, til talablari va yashash sharoitlari haqida batafsil maʼlumot berdi. Nurbek o‘z tajribasi asosida ishtirokchilarga amaliy tavsiyalar berib, yapon jamiyatining mehnat madaniyati va taʼlimga bo‘lgan yondashuvini yoritib berdi.
U o‘z nutqida “Uzbekistan GTL” MChJ tomonidan bildirilgan ishonch va ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi.
— "Agar o‘z ustingizda muntazam ishlasangiz, har qanday yosh ham eng nufuzli oliygohlarga grant asosida kirishi mumkin. Bu imkoniyat hammaga ochiq. Asosiysi – qat’iyat va intilish," — deya ishtirokchilarni ruhlantirdi Nurbek Baratov.
Seminar savol-javoblar va ochiq muloqot shaklida o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari xalqaro imkoniyatlarga oid foydali maʼlumotlar va ilhomlantiruvchi fikrlar oldilar.