“Uzbekistan GTL” – neft va gaz sohasida Bojxona masalalari bo‘yicha operator guvohnomasiga ega bo‘lgan O‘zbekistondagi ilk korxona
O‘zbekiston iqtisodiyotining yuksalishi, tashqi savdo aloqalarining kengayishi va logistika jarayonlarini zamon talablariga asosida takomillashtirishda “Uzbekistan GTL” MChJ yana bir muhim yutuqqa erishdi. Korxona mamlakatimizda neft va gaz sohasida Bojxona masalalari bo‘yicha operator guvohnomasini qo‘lga kiritgan ilk tashkilot sifatida qayd etildi.
Mazkur guvohnoma qanday imkoniyatlar beradi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 avgustdagi 500-son qarori bilan tasdiqlangan “Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risidagi nizom”ning 19-bandiga muvofiq, ushbu maqom yuridik shaxslarga qator eksklyuziv soddalashtirishlarni taqdim etadi. Jumladan:
- tovarlarni deklaratsiyalash va chiqarish jarayonlarini birinchi navbatda amalga oshirish;
- bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lash yoki kechiktirish imkoni (30 kungacha);
- tovarlarni tashishda yo‘nalish belgilash majburiyatidan ozod etilishi;
- eksport tovarlari yuklangan transport vositalarida korxona qo‘ygan plombalarni davlat bojxona organlari tomonidan rasmiy tan olinishi;
- bojxona tranzitini bojxona to‘lovlari ta’minlanmagan holda amalga oshirish;
- chet el tovarlarini bojxona hamrohligisiz tashish huquqi.
Bu guvohnoma “Uzbekistan GTL” uchun nafaqat bojxona operatsiyalarini soddalashtirish imkoniyatini, balki korxonaning ishlab chiqarish jarayonlarini yanada samarali tashkil etishiga ham xizmat qiladi. Endilikda GTL zavodi uchun zarur bo‘lgan uskunalar, ehtiyot qismlar va reagentlarni import qilish jarayonlari ancha tezlashadi. Shuningdek, zavodda ishlab chiqarilayotgan sintetik yoqilg‘i va boshqa mahsulotlarni eksport qilishda bojxona rasmiylashtiruvlari soddalashtiriladi.
“Uzbekistan GTL” MChJning mazkur yutug‘i – neft va gaz sohasida bunday guvohnomani qo‘lga kiritgan ilk korxona sifatida alohida ahamiyatga ega. Bu maqom nafaqat korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyatini yengillashtiradi, balki sohada faoliyat yuritayotgan boshqa tashkilotlar uchun na’muna sifatida xizmat qiladi.