"Uzbekistan GTL" MChJda "Rahbar va yoshlar' uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
"Uzbekistan GTL" MChJ rahbariyati yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning tashabbuslarini amalga oshirishga doimo alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Korxonada muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan "Rahbar va yoshlar" uchrashuvlari bu yo‘nalishdagi muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi. Ushbu tashabbuslar doirasidagi navbatdagi uchrashuvda korxona Bosh direktori A. Baxadirov stipendiya dasturi g‘olibi bo‘lgan holda yakuniy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, ishga qabul qilingan yosh mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
Mazkur uchrashuv ochiq muloqot ruhida kechdi. Yosh mutaxassislar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, taklif va tashabbuslarini ilgari surdilar. Korxona rahbari barcha savollarga atroflicha javob qaytarib, rahbarlik faoliyatida muhim ahamiyat kasb etuvchi bilim va ko‘nikmalar haqida to‘xtaldi hamda shaxsiy hayotiy tajribalaridan kelib chiqib maslahatlar berdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning kelajakdagi rejalari haqida ham suhbatlashildi. Bosh direktor yosh mutaxassislarga o‘z bilim va malakasini uzluksiz oshirib borish, tashabbuskorlik va mas’uliyatlilikni hayotiy yo‘lda ustuvor qiymat sifatida qabul qilish zarurligini ta’kidladi.
"Uzbekistan GTL" MChJda bunday uchrashuvlarning tizimli yo‘lga qo‘yilgani yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi bilan birga, korxonaning barqaror rivojlanishi va kadrlar salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.