Yangiliklar
June 5

“Uzbekistan GTL” MChJda Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

2025-yil 5-iyun kuni “Uzbekistan GTL” MChJda Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan ekologik targ‘ibotga yo‘naltirilgan tadbir tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi, partiya faollari va hududiy vakillari, “Yashil makon” MChJ, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ, Qarshi davlat texnika universitetining professor-o‘qituvchilari, “O‘zbekneftgaz” AJ Ekologik xavfsizlik bo‘limi mutaxassislari hamda “Uzbekistan GTL” MChJ rahbariyati va xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida yig‘ilganlarga atrof-muhitga e’tiborli munosabatni targ‘ib qiluvchi maxsus video rolik namoyish etildi. Shundan so‘ng partiya vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda ekologik faollar so‘zga chiqib, ekologik muvozanatni saqlash, tabiatni muhofaza qilish va yashil hayot tarzini qaror toptirish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri ekanini ta’kidladilar.

Tadbir doirasida mehmonlar zavod faoliyati bilan yaqindan tanishdi. “Uzbekistan GTL” MChJ mas’ul mutaxassislari mehmonlarga zavodning texnologik jarayonlari, ekologik standartlarga qat’iy rioya qilinishi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning atrof-muhitga zarar yetkazmasligini ta’minlash borasidagi amaliy ishlar haqida batafsil ma’lumot berishdi.

Zavodga tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan “Uzbekistan GTL” MChJ tomonidan ekologik toza sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarilayotgani, buning esa mintaqada ekologik holatni yaxshilashga munosib hissa qo‘shayotgani alohida e’tirof etildi.