“Uzbekistan GTL” VII Stipendiyalar dasturining ikkinchi bosqichi – yozma imtihonlar o‘tkazilmoqda
“Uzbekistan GTL” VII Stipendiyalar dasturining ikkinchi bosqichi – yozma imtihonlar o‘tkazilmoqda
Bir qator oliy ta’lim muassasalarida “Uzbekistan GTL” MChJ tomonidan iqtidorli talaba yoshlar uchun tashkil etilgan VII Stipendiyalar dasturining ikkinchi bosqichi — yozma imtihonlar o‘tkazilmoqda.
Mazkur bosqichda ishtirok etayotgan talabalar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha bilim darajasi, tahliliy fikrlash qobiliyati hamda bir qator mezonlari asosida baholanmoqda. Imtihon jarayonlarini “Uzbekistan GTL” MChJning mas’ul mutaxassislari bevosita tashkil etib, jarayonning shaffofligi va adolatliligi ta’minlanmoqda.
Joriy yilda dasturda qatnashish istagini bildirgan talabalar soni 1806 nafarni tashkil etdi. Ularning 1413 nafari birinchi bosqich natijalariga ko‘ra tanlovning keyingi — yozma imtihon bosqichiga o‘tgan. Tanlov jarayonining asosiy maqsadi — soha uchun iqtidorli, fidoyi va texnik salohiyatga ega yosh mutaxassislarni aniqlash hamda ularni ishlab chiqarish amaliyotiga jalb etishdir.
Stipendiya g‘oliblari nafaqat moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan, balki korxonada amaliyot o‘tash, kasbiy tajriba orttirish va kelgusida kafolatli ish o‘rni bilan ham ta’minlanadi.
Yozma imtihonlar yakunlangach, tanlovning uchinchi bosqichi — suhbat o‘tkaziladi. Unda eng iqtidorli va istiqbolli talabalar “Uzbekistan GTL” stipendiyasi sohibi sifatida aniqlanadi.