GTL kundaligi: Akmal Hasanov
“GTL Kundaligi” bu safargi qahramoni — “Uzbekistan GTL” zavodi bosh energetigi o‘rinbosari Akmal Hasanov
“GTL Kundaligi” bu safargi qahramoni — “Uzbekistan GTL” zavodi bosh energetigi o‘rinbosari Akmal Hasanov. U zavodning barcha energiya tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun katta javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan xodimlardan biri. Akmal Hasanov o‘zining boy tajribasi va innovatsion yondashuvi bilan zavodning energiya samaradorligini oshirishda o‘zining katta hissasini qo‘shib kelmoqda.
Assalomu alaykum. Avvalo o‘zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot berib o‘tsangiz.
Men Hasanov Akmal, 1986-yil 1-yanvarda Qashqadaryo viloyati, Shahrizabz tumanida tug‘ilganman. Oilada katta farzandman. Maktabni tumanda 17-maktabda o‘qiganman, 2004-yil maktabni tugatib, 2005-yil Toshkent davlat politexnika universitetiga Elektr energetikasi fakultetiga o‘qishga kirganman.
Yoshligingizdan energetik bo‘lishni orzu qilganmisiz yoki keyinchalik bu fikr paydo bo‘lganmi?
Meni bu sohaga kirib kelishim hech qanday tasodif emas, chunki biz oilaviy energetiklarmiz! Bobolarim, amaki va tog‘alarim, yaqin qarindoshlarimning barchasi energetik. Men ham ularni kasbiga qiziqib, yoshlik paytlarimdayoq energetik bo‘lishni oldimga maqsad qilib qo‘ygan edim. Mana bugun o‘zim xohlagan kasbda, ishimdan zavq olib faoliyat olib borayapman.
Ish faoliyatingizni qachon va qayerda boshlagansiz?
2009-yil universitetni tugatganimdan so‘ng “НП ЭСАН” korxonasiga Elektr uskunalarini sozlash va sinash bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishga kirdim. Ushbu korxonada 12 yil davomida, 2020-yil “Uzbekistan GTL” zavodiga ishga kirgunimga qadar ishladim va muhandis-elektrik darajasigacha ko‘tarildim.
“Uzbekistan GTL” MChJga ishga o‘tishingiz va bu yerdagi faoliyatingiz haqida aytib o‘tsangiz?
2020-yil “Uzbekistan GTL” lohiyasiga qiziqa boshladim. Ishlayotgan ishim sozlash va ishga tushirish ishlari ishlari edi, “GTL” zavodida ham sozlash va ishga tushirish ishlari olib borilayotgan edi. Ushbu loyihada ishlash, tajriba orttirish va oz bo‘lsada o‘z tajribam bilan hissa qo‘shish maqsadida rezyume topshirdim. Noyabr oyida bir necha bosqichli imtihonlar va suhbat bo‘lib o‘tdi hamda yanvar oyida menga bog‘lanib ishga qabul qilinganligimni aytishdi. Bu yerga ishga kirganimdan so‘ng hamkasblarimiz bilan birgalikda sozlash va ishga tushurish ishlarida birgalikda ishladik va zavod 2021-yilda ishga tushdi. O‘ylaymanki, bu zavodga ishga kelganim men uchun katta imkoniyatlar berdi. Birinchidan – bu yangi qurilmalarni o‘rganib, tajriba orttirdim, shuning bilan birgalikda shunday ahil jamoaga kelib qoʻshildim.
“Uzbekistan GTL” MChJda energiya samaradorligi bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Bu bo‘yicha bizda katta ishlar amalga oshirilmoqda, avvalo shuni aytib o‘tishim kerakki, “Uzbekistan GTL” zavodi texnologik jarayonlardan chiqqan ortiqcha bug‘dan bug‘-turbinali elektr stansiyasi orqali generatsiya qilish hisobiga o‘z iste’molini to‘liq qoplaydi. Jumladan, korxona yanada energiya samaradorligiga erishish uchun 5400 cho‘g‘lanma lampalar harakat datchikli LED lampalarga almashtirildi, natijada 2024-yilda 205 ming kvt*soat elektr energiyasi tejab qolindi. Shuningdek, quyosh panellari o‘rnatilishi hisobiga 1 mln 960 ming kvt*soat elektr energiyasi, boshqa energiya tejashga qaratilgan tadbirlar hisobiga korxona jami 14 mln 335 ming kvt*soat elektr energiyasini tejab qolindi.
Zavoddagi ortiqcha bug‘dan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi bug‘-turbinali elektr stansiyasi haqida ma’lumot berib o‘tsangiz?
Zavodda turli yuqori harorat bilan boruvchi texnologik jarayonlar va reaktorlar bor. Ushbu texnologik jarayonlar davomida bug‘ ishlab chiqariladi. U bug‘dan samarali foydalanish maqsadida loyihaviy bug‘-turbinali elektr stansiyasi ham qurilgan. Ushbu avtonom elektr stansiyasi orqali zavod ham o‘z ichki iste’molini to‘liq qoplash, shu bilan birga ortiqcha elektr energiyasini tashqi tarmoqqa uzatish imkoniyatiga ega.
Jamoa bo‘lib ishlashda qanday hislatlarga ega bo‘lishi kerak?
Jamoa bo‘lib ishlashda tushunish va tinglash muhim deb bilaman. Men bilimliman deb atrofdagilarni tinglamay, o‘zaro maslahatlashmay qo‘yish yaxshi emas. Jamoa bir-birini tushunib, o‘zaro kelishib ishlasa shunda natijalar yaxshi bo‘ladi?
Ishdagi qiyinchiliklar haqida gapirib o‘tsangiz?
Hech bir ish oson emas. Har sohaning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor. Bizning soha juda ehtiyotkorlikni talab etadi. Ishimizning eng katta qiyinchiligi xatosiz ishlashimiz zarurligi. Mazkur ishdagi eng kichik xato ham fojiali oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli yangi kelgan yosh hamkasblarga doimo “Xavfsizlik birinchi o‘rinda” bo‘lishi kerakligini ta’kidlaymiz.
Agar yoshligingizga qaytib qolsangiz, qaysi sohani tanlar edingiz?
Men yoshligimga qaytib, boshqa sohani tanlashga imkon bo‘lsa ham, yana aynan shu sohani tanlardim. Chunki men o‘z ishimdan zavq olaman. Inson o‘zi yaxshi ko‘rgan kasbda ishlasa na charchoqni his qiladi, na zerikishni.
Hayotdagi maqsadingiz ayni paytda nima?
Yaxshi inson bo‘lish, farzandlarimni yurtga foydasi tegadigan, ilmli va yaxshi insonlar qilib tarbiyalash. Oila muqaddas, qanchalik charchab bormang, farzadlaringiz oldingizga yugurib chiqsa barcha charchoqlaringiz chiqib ketadi, shu sababli bo‘sh vaqtlarimni ham ko‘proq farzandlarim bilan o‘tkazishga harakat qilaman.
Yoshlarga nima maslahat berasiz?
Yoshlar kuch va g‘ayratga to‘la bo‘lishadi, bu davrda imkon qadar ko‘proq ilm olish, tajriba orttirish lozim. “Yoshlikda olingan ilm — toshga o‘yilgan naqsh” deb bejizga aytishmagan. Ilmi bor va undan unumli foydalana oladigan odam, hayotda o‘z o‘rnini topadi. Shuning uchun, chet tillarini ham puxta o‘rganishlari kerak, chunki hozirgi globallashgan davrda bu juda katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Men ham o‘z farzandlarimga va yosh hamkasblarimga doimo shuni aytaman va bu boradagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlayman.