"Uzbekistan GTL" mahsulotlarini eksport qilishda logistika masalalari muhokama qilindi
“Uzbekistan GTL” MChJ doimiy ravishda “Temiryo‘linfratuzilma” AJ va “Temiryo‘lkargo” AJ bilan hamkorlikda, zavodda ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlarni temir yo‘l transporti orqali xaridorlarga o‘z vaqtida va samarali yetkazib berishni ta’minlab kelmoqda.
“Performance test” muvaffaqiyatli yakunlanib, hozirda zavod 100 foiz ishlab chiqarish quvvatida barqaror faoliyat yuritayotgani inobatga olinib, kelgusi rejalarni belgilash hamda shu kungacha amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish maqsadida mazkur hamkor tashkilotlar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida mahsulot tashish tizimini yanada jadallashtirish, temir yo‘l infratuzilmasining mavjud holati, eksport va import jarayonlari, mavjud imkoniyatlar keng qamrovda muhokama qilindi.
Xususan, eksport rejalarining bajarilishi, vagonlar bilan barqaror ta’minot, yuk tashish grafigining uzluksizligi, logistika jarayonlarini optimallashtirish, shuningdek, mahsulotlarni saqlash hamda yuklash-tushirish maydonlarining texnik holati va ularni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida mavjud hamkorlikni yanada mustahkamlash va kelgusidagi tashish jarayonlarini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan rejalar belgilab olindi.