Sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasiga bag‘ishlangan xalqaro forumning ikkinchi kuni “Uzbekistan GTL” zavodida bo‘lib o‘tdi
“O‘zbekneftgaz” AJ tashabbusi bilan Ozarbayjon, Qozog‘iston va bir qator boshqa davlatlarning yetakchi neft va gaz kompaniyalari mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasiga bag‘ishlangan xalqaro forumning ikkinchi kuni “Uzbekistan GTL” zavodida bo‘lib o‘tdi.
Forum doirasida zavodga tashrif buyurgan 100 nafarga yaqin sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi mutaxassislari korxonada ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, yutuqlar, joriy etilgan ilg‘or standartlar, xavfsizlik madaniyati talablari hamda aynan shu sohada qo‘llaniladigan zamonaviy qurilmalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Dastur sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi bo‘yicha maxsus taqdimot bilan boshlandi. Unda “Uzbekistan GTL” zavodida xavfsizlikni boshqarish tizimi, xavf-xatarlarni baholash, avariyalarni oldini olish mexanizmlari, himoya va monitoring tizimlarining amaliy ishlash tamoyillari atroflicha tushuntirildi.
Shundan so‘ng mehmonlarga zavodning loyihalanish bosqichidan tortib bugungi kungacha bo‘lgan rivojlanish jarayoni, ishlab chiqarish quvvatlari hamda asosiy texnologik jarayonlari haqida keng qamrovli taqdimot o‘tkazildi.
Delegatsiya mutaxassislar hamrohligida asosiy ishlab chiqarish hududlarida bo‘lib, texnologik qurilmalar, jarayon xavfsizligini ta’minlovchi tizimlar, yong‘in xavfsizligi infratuzilmasi, gaz-muhit detektorlari, avariya holatlarini erta aniqlash vositalari kabi muhim uskunalar bilan bevosita tanishdilar.
Shuningdek, mehmonlar zamonaviy raqamli boshqaruv va nazorat tizimi joriy etilgan Markaziy boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishib, jarayon parametrlarini real vaqt rejimida kuzatish, avtomatik himoya tizimlarining ishlash algoritmlari va xavfsizlik tizimlari bo‘yicha ma’lumot oldilar.
Delegatsiya a’zolari Markaziy laboratoriya faoliyati bilan ham tanishdilar. Xususan, arktik dizel yoqilg‘isining –40°C haroratda ham fizik-kimyoviy xususiyatlarini saqlab qolishi hamda dizel yoqilg'isining ekologik tozaligi laboratoriya sharoitida amaliy misolda namoyish qilindi.
Tashrif yakunida turli korxonalarning sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi mutaxassislari ishtirokida o‘zaro tajriba almashuvga qaratilgan davra suhbati tashkil etildi. Unda ilg‘or amaliyotlar, xavf-xatarlarni boshqarish mexanizmlari, ishlab chiqarish madaniyati hamda sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Mazkur forum va ekskursiyalar xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xavfsizlik bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish, mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini boyitish hamda neft va gaz sanoatida barqaror xavfsizlik tizimlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.