Mahalliy tadbirkorlar bilan 35,6 mlrd so‘mlik hamkorlik memorandumlari imzolandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarmoq korxonalari yagona ko‘rgazma stendi bilan faol ishtirok etdi.
“Uzbekistan GTL” MChJ yangi turdagi sintetik yoqilg‘ilari, “Uz-Kor Gas Chemical” MChJ QK, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqiladigan mahsulotlar, neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari uchun importdan xarid qilinadigan mahsulotlar namunalari mahalliy ishbilarmon vakillariga namoyish etildi.
Yarmarkaning o‘ziga xos xususiyati nafaqat mahalliy korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, balki mamlakatimizda xaridorgir import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan investitsiya loyihalari sonini ko‘paytirishni rag‘batlantirishga qaratildi.
Shu munosabat bilan tadbir doirasida “O‘zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyati investitsiya loyihalari hamda tarmoq korxonalari ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan tovar va xizmatlarni mahalliylashtirish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqilib, mutaxassislar tomonidan yuzma-yuz muloqot formatida tadbirga tashrif buyurgan mahalliy ishlab chiqarish korxonalari bilan muzokoralar o‘tkazildi.
Ko‘rgazma doirasida korxonalar bilan yangi turdagi moylash mahsulotlarini sanoat-tajriba sinovlaridan o‘tkazish, daraja o‘lchash asboblarini ishlab chiqarish va ularni ishlab chiqarish bazalarda sanoat-tajriba sinovlaridan o‘tkazish, kimyoviy reagentlarni tajriba sinovlaridan o‘tkazish kabi yo‘nalishlarda muhokamalar tashkil etildi.
Mahalliy tadbirkorlar bilan umumiy qiymati 35,6 mlrd. so‘mlik 15 ta ikkitomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi.