October 30

Avtomatlashtirish orqali korrupsiya xavflarini bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida "Korrupsiya xavflarini aniqlash, baholash va oldini olish hamda ishlab chiqarish jarayonida inson omilidan xoli avtomatlashtirilgan tizim yaratish istiqbollari" mavzusida amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Tadbir "O‘zbekneftgaz" AJ ning Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi, Buxoro viloyati prokuraturasi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan yo‘lga qo‘yilgan mustahkam hamkorligining amaliy natijasi bo‘ldi.

Dastlab Moliyaviy komplaens nazorat departamenti boshlig’i A.Davlanov tomonidan Jamiyatning 9 oylik hisoboti o`qib eshittirildi.

Davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvi, affillanganlik va boshqa huquqbuzarliklarni oldini olish uchun ishlab chiqilgan "1C shartnoma" dasturi ning amaliy ahamiyati muhokama qilindi.

Ushbu raqamlashtirish yechimi orqali byurokratiya va inson omili sezilarli kamayganligi, xavf-xatarlar ro‘yxati asosida ishlab chiqilgan choralar hamda "World-Check" platformasi orqali xorijiy va mahalliy kontragentlarni sanksiyaviy ro‘yxatlarda tekshirish tizimining samarasi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, byurokratiyani qisqartirish, xodimlar orasida "korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat"ni shakllantirish bo‘yicha takliflarni qat’iy amalga oshirish ustuvor vazifa ekanligini qayd etildi. Ushbu amaliy seminar-trening korrupsiya xavflarini kamaytirish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilishda muhim qadam bo‘ldi.

"Oʻzbekneftgaz" AJ Axborot xizmati "Buxoro NQIZ" MCHJ PR-bo‘limi