November 12

Yoshlar Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida tajriba almashdi

“O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar uchun Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga o‘quv–tanishuv ekskursiyasi tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi – yosh kadrlar o‘rtasida tajriba almashish, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish hamda ularning kasbiy salohiyatini yanada oshirishdan iborat.

Dastlab, ishtirokchilarga texnika xavfsizligi qoidalari tushuntirildi. Shundan so‘ng, yoshlar majmuaning ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologik uskunalar va boshqaruv tizimlari bilan tanishdilar. Ularni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.

Ekskursiya davomida yoshlar ishchilar shaharchasida bo‘lib, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar. Shuningdek, majmua tarixi muzeyi hamda infratuzilma ob’ektlari, jumladan, suv omborida ham bo‘lishdi.

Bunday tashabbuslar “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy o‘sishini ta’minlash hamda neft-gaz sanoati uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Matbuot xizmati