October 20

“Fitch Ratings” agentligi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi 

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJda transformatsiya islohotlarini amalga oshirish, xususan zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini jadal joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan belgilab berilgan vazifalarni davomli amalga oshirish maqsadida kompaniya delegatsiyasi joriy yilning 15-18 oktyabr kunlari Londonda bo‘lib xalqaro reyting agentliklari, investorlar, yevroobligatsiya egalari va banklar vakillari bilan navbatdagi uchrashuvlarni o‘tkazdi.

Muloqotlarda «O‘zbekneftgaz» AJning konsultantlari – «J.P. Morgan» va «Finasia Capital» kompaniyalari vakillari ham ishtirok etdi.

Jumladan, «Fitch Ratings» agentligi vakillari bilan uchrashuvda kompaniyaning so‘nggi 12 oy davomida erishgan asosiy yutuqlari va o‘rta muddatli rivojlanish rejalari muhokama qilindi.

Alohida e’tibor kompaniyaning transformatsiya jarayonlarining jadallashtirilgani, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari kuchaygani va moliyaviy ko‘rsatkichlarning ijobiy tomonga o‘zgarayotganiga qaratildi.

Tadbirda kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi. Jumladan yangi zavodlar yuklamasini bosqichma-bosqich oshirish rejalariga alohida e’tibor qaratildi.

Kompaniya tomonidan biznesni diversifikatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida daromadlarning 70 foizi tabiiy gaz narxlariga bog‘liq bo‘lmagan, uglevodorodlarni qayta ishlash mahsulotlari hisobiga to‘g‘ri kelayotganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» AJning barqaror rivojlanish strategiyasi va ESG maqsadlariga erish doirasida karbon chiqindilarni kamaytirish loyihalarini amalga oshirish holati to‘g‘risida axborot berildi.

Agentlik vakillari tabiiy gaz narxlarining oshishi, hukumatning energetika resurslari bozorini bosqichma-bosqich liberallashtirish choralari, kompaniya kuzatuv kengashi tarkibida mustaqil a’zolarining tayinlanganligi, shuningdek, transformatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshqa qarorlarning ijrosini yuqori baholadilar.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook