Korrupsiyaga qarshi ochiq muloqotlar
“Uzbekistan GTL”, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Muborak gazni qayta ishlash zavodida 9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Ochiq muloqot” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
“Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida tashkil etilgan tadbirlar davomida mutaxassislar tomonidan mamlakatda korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan siyosat, amaliy mexanizmlar, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish, xizmat etikasi va korporativ komplaens tizimining zamonaviy yondashuvlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Adliya organlari va "O‘zbekneftgaz" AJ Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat departamenti vakillari esa real misollar orqali mavjud xavf-xatarlarni kamaytirish usullarini tushuntirib berishdi.
Хodimlar ongida halollik madaniyatini shakllantirish, xizmat intizomini mustahkamlash va korrupsiyaga nisbatan “mutlaqo toqatsizlik” tamoyilini joriy etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi.
Chiqishlarda qayd etilganidek, korrupsiyaga qarshi kurash faqat nazorat tizimi emas — har bir xodimning shaxsiy mas’uliyati va kasbiy odobiga borib taqaladi.
Tadbirlar shaffof boshqaruv va zamonaviy komplaens tizimlarini takomillashtirish yo‘lidagi navbatdagi amaliy qadam bo‘ldi. Fikr almashinuvi korxonalarda mavjud yondashuvlarni yanada kuchaytirish, ichki nazoratni rivojlantirish va ijobiy korporativ muhit yaratishga xizmat qildi.
Muhokamalarda bildirilgan takliflar qo‘llab-quvvatlanib, halollik siyosati kelgusida ham ustuvor yo‘nalish sifatida davom ettirilishi ma’lum qilindi.