13 may kuni O‘zbekiston energetika haftaligi o‘z ishini boshlaydi
Joriy yil 13–15 may kunlari Toshkent shahridagi CAEx Uzbekistan xalqaro ko‘rgazmalar markazida O‘zbekistonda yoqilg‘i-energetika sohasining eng yirik tadbiri — O‘zbekiston energetika haftaligi – UEW 2025 bo‘lib o‘tadi.
Tadbir Energetika vazirligi va "O‘zbekneftgaz" AJ rasmiy ko‘magida Iteca Exhibitions xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkorlari — ICA Eurasia Group hamda Congresses of Central Asia (CCA) tomonidan tashkil etilmoqda.
Haftalik doirasida quyidagi yirik tadbirlar — 27-Xalqaro “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2025” ko‘rgazmasi va anjuman, 18-Xalqaro “Power Uzbekistan 2025” ko‘rgazmasi, “Yashil energiya tejovchi texnologiyalar – GETCA 2025” ixtisoslashtirilgan bo‘limi, 5-Xalqaro energetika anjumani o‘tkaziladi.
O‘zbekiston xalqaro energetika forumi haftalikning asosiy biznes dasturi sifatida bu yil “Barqaror energetika uchun mintaqaviy hamkorlik” shiori ostida tashkil etiladi. Forum doirasida vazirlar muloqoti, xalqaro ekspertlar ishtirokidagi panel va texnik sessiyalar, strategik hamkorlik, ilg‘or texnologiyalar va xavfsiz energetika masalalari muhokama qilinadi.
Joriy yil — “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinganini inobatga olgan holda forumda “yashil energetika” va uglerod izini kamaytirish mavzulariga alohida e’tibor qaratiladi.
Forum va ko‘rgazmada 465 ta kompaniya va brend, 90 dan ortiq spiker, 1 420 nafar delegat ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilar geografiyasi AQSH, Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Koreya, Turkiya, BAA, Fransiya, Italiya, Hindiston kabi 30 dan ziyod mamlakatni qamrab olgan.
27-Xalqaro “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2025” ko‘rgazmasi va anjumani ham qator tadbirlarni qamrab olgan. Jamiyat stendi orqali 10 dan ziyod qazib olish, qayta ishlash va gaz-kimyo korxonalari imkoniyatlari namoyish etiladi. Shuningdek, Acwa Power, Masdar, Honeywell, Schlumberger, Topsoe, Rosatom kabi xalqaro gigant kompaniyalar o‘z innovasion texnologiyalari, ekologik toza yechimlari va “yashil” energiya loyihalarini taqdim etadilar.
Ko‘rgazmada Germaniya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Italiya, Turkiya kabi davlatlar milliy va jamoaviy pavilonlar bilan qatnashadi. Xitoyning 59 ta kompaniyasi, Rossiyaning 28 ta va Germaniyaning 14 ta kompaniyasi zamonaviy uskunalar, nasoslar, kompressorlar, avtomatlashtirish tizimlari va boshqa texnologiyalarni namoyish qiladi.
UEW 2025 — nazariya va amaliyot, sanoat va biznes, davlat va xususiy sektor o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, barqaror energetika kelajagini shakllantirish yo‘lidagi muhim maydon hisoblanadi.