October 18, 2023

O‘zbekistonda gaz qazib chiqarishni ko‘paytirishda “Schlumberger” bilan hamkorlik qilinadi

Ruscha

Bugun “O‘zbekneftgaz” AJda “Schlumberger Oilfield Eastern Ltd” kompaniyasining mamlakatimizdagi boshqaruvchi direktori M.Trinka ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘shma loyihalarning bugungi holati va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama etildi.

Uchrashuvda “Schlumberger” kompaniyasi vakillari “Geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish va tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli dasturni ishlab chiqish va uni bajarilishini olib borish” loyihasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan o‘z taqdimotini namoyish etdilar. Shundan so‘ng tomonlar uni amalga oshirishning asosiy bosqichlarini batafsil muhokama qilib oldilar.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun ikkala kompaniya mutaxassislaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tuziladi. Unga “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi barcha konlar va istiqbolli maydonlar haqidagi mavjud barcha ma’lumotlarni o‘rganish, tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan geologik-texnik chora-tadbirlarni shakllantirish va amalga oshirilishini nazorat qilish vazifasi yuklanadi.

Uchrashuv davlatimiz rahbarining 2023 yil 3-6 sentyabr kunlari AQSHga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi doirasida tashkil etildi.

Qayd etish joizki, “Schlumberger” o‘z mijozlariga energiya resurslaridan foydalanishga yordam beradigan texnologik kompaniyadir. Kompaniya global energiya samaradorligi va barqarorligini ta’minlash uchun yetakchi raqamli yechimlar va innovasion texnologiyalarni taqdim etish bo‘yicha 120 dan ortiq mamlakatda o‘z tajribasiga ega.

Kompaniya, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarida, jumladan, Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistonda faoliyat olib boradi.

“Schlumberger” kompaniyasi 25 yildan buyon Rossiya va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridagi o‘z mijozlariga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish borasida uzoq muddatli yordam ko‘rsatish uchun mintaqadagi keng qamrovli mustaqil korxonaga aylanishga muvaffaq bo‘ldi.

“O‘zbekneftgaz” AJ 2019 yildan buyon ushbu kompaniya bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida neft va gaz sanoatida 5 dan ortiq yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bugungi kunda Jamiyatning 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan geologik-texnik tadbirlarni shakllantirish va ularni bajarilishini olib borish bo‘yicha Dasturini ishlab chiqish, shuningdek, quduqlarni qurish (burg‘ilash asboblari va burg‘ilash eritmalari) va uglevodorod xomashyosini intensifikatsiya qilish sohasida yuqori sifatli xizmatlarini jalb qilish bo‘yicha samarali hamkorlik davom etmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube