Kitob olamiga qiziqish: kitob mutolaasi hayotimizning ajralmas qismiga aylanishi
Kitoblar bizga yaxshi tomonga o‘zgarishga ko‘maklashadi - ularda kundalik hayotda kamdan kam muhokama qilinadigan savollarga javob topamiz. Bugun biz O‘zRVBning Jamoatchilik bilan aloqalar va marketing bo‘limi boshlig‘i Gulshan Asanova bilan shu mavzuda suhbatlashdik.
Kitob o‘qishga qiziqishingiz qachon boshlangan va unga nima sabab bo‘lgan?
Kitobga bo‘lgan qiziqishim bolalikdan boshlangan. Hali xam yodimda, maktab davrida ilk bor real hayotni “unutishga” majbur etgan kitobni o‘qigan edim.
Bu “Qadimgi Yunoniston afsonalari va rivoyatlari” kitobi edi. Kitobdagi hikoyalar ko‘z oldimga qadimgi yunon xudolari, qahramonlar va sarguzashtlarning sehrli olamini namoyon etdi. Ushbu hikoyalar hayratga solish bilan birga, qadimgi madaniyatlar, e’tiqodlar va falsafa haqidagi ma’lumot manbaiga ham aylandi. Men uchun o‘qish nafaqat tashqi dunyoni, balki ichki dunyoni ham anglab yetish vositasiga aylandi.
Yillar davomida kitoblarga bo‘lgan qiziqishingiz o‘zgardimi?
Shubhasiz, vaqt o‘tishi bilan qiziqishlarim, hayotga bo‘lgan qarashlarim mening kitob tanlashimga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
O‘smirlik paytimda ilk bor Mixail Bulgakovning "Usta va Margarita" asarini o‘qidim. Bu roman men uchun o‘ziga xos adabiy sinovga aylandi va men uni uzoq vaqt davomida to‘liq o‘qiy olmadim. Murakkab obrazlar, falsafiy masalalar va voqealar bayonining ko‘p qatlamliligi o‘sha paytda menda hali shakllanmagan ma’lum darajadagi yetuklikni talab qilar edi.
Keyinchalik, Stendalning "Qizil va qora" romanini o‘qishni boshladim. Ushbu kitobning izohlarida Aleksandr Dyuma-otaning "Qirolicha Margo" asari tilga olinganligini ko‘rib uning ijodiga bo‘lgan qiziqishim yanada ortdi. Nihoyat, butun trilogiyani va uning boshqa romanlarini o‘qib chiqdim.
Yillar o‘tgan sari qiziqishlarim ilmiy-ommabop, aniqrog‘i, siyosiy adabiyotga yo‘naldi. O‘qigan kitoblarim orasida "Nima uchun ayrim mamlakatlar boy, boshqalari esa kambag‘al", "Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi", "Buyuk shaxmat taxtasi", "Uchinchi dunyodan birinchiga" va boshqalar bor edi. Shu bilan birga, kasbiy faoliyatim - marketing, PR va jamoa boshqaruvi sohalarida yordam berishi mumkin bo‘lgan kitoblarga ham qiziqish paydo bo‘ldi. Ular orasida Filipp Kotler, Jek Traut va boshqalarning asarlari alohida ajralib turibdi.
Bu kitoblar faoliyatimda kerak bo‘lgan juda ko‘p amaliy bilimlarni berdi va kasbiy sohada rivojlanishga ilhomlantirdi.
Kitoblardan qaysi biri Sizda katta taassurot qoldirgan va nima sababdan?
O‘qigan kitoblarimdan biri "Qobulning yashirin qizlari" nomli hujjatli kitob menga Afg‘oniston ayollari dunyosini, ularning har bir inson, ayniqsa, ayollarning hayotini qat’iy madaniy va diniy me’yorlar cheklaydigan jamiyatda erkinlik va ovoz berish huquqi uchun kurash to‘g‘risida ma’lumot berdi. Muallif o‘z hayotini o‘zgartirish uchun mardonavor xarakat qilishga qaror qilgan qizlarning shaxsiy hikoyalarini nihoyatda nozik va chuqur ochib beradi. Ularning hikoyalari kitobxonda nafaqat rahm-shafqat, balki hayrat ham uyg‘otadi. Kitob bizda mavjud imkoniyatlarni qadrlash qanchalik muhimligi va eng qiyin sharoitlarda yashayotgan ayollar g‘ayrati haqida o‘ylashga undaydi.
Yana bir yorqin taassurot qoldirgan kitob — Nasriddin Afandining sarguzashtlari haqidagi “Vozmutitel spokoystviya” (“Tinchni buzuvchi”) asaridir. Bu o‘zining ziyrakligi, ayyorligi va hazillari bilan adolatsizlik va insoniy illatlarni fosh etuvchi afsonaviy xalq donishmandi va so‘z ustasi haqida qiziqarli hikoyalar to‘plamidir. Nasriddin hokimiyatni suiiste’mol qilgan yoki vijdonsizlarcha ish tutadiganlarni har doim yengish yo‘lini topadi va buni shu qadar osonlik va hazil bilan qiladiki, voqealar osongina esda qolib, kulgi uyg‘otadi.
O‘zingizni qaysi kitob qahramoniga o‘xshatasiz va nima uchun?
O‘zimni Sherlok Xolms (Benedikt Kamberbetch timsolida) bilan qiyoslayman, ehtimol, tahlil qilishga va murakkab savollarga javob topishga intilishim bois. Xolms doimo tafsilotlarga e’tiborli, u boshqalar ko‘rmaydigan narsalarni ko‘radi va murakkab jumboqlarni yechishni yoqtiradi. O‘ylaymanki, har birimiz oz bo‘lsa-da unga o‘xshashni xohlaymiz - boshqalar tartibsizlik va chalkashliklar ko‘rgan joyda u mantiq va haqiqatni payqaydi. Xolms kabi men ham mayda tafsilotlarga e’tibor berishga harakat qilaman. Ehtimol, bu dunyoni chuqurroq tushunish, narsalar tabiati va o‘zi haqida ko‘proq bilish istagi bilan bog‘liq.
Sevimli kitoblaringizdan 3 tasini keltirib o‘tsangiz.
O‘qigan kitoblarimning har biri o‘ziga xos iz qoldirgan. Shunga qaramay, esda qolgan va qayta-qayta o‘qishni istagan kitoblarim bor.
1. Jenni Nordberg muallifligidagi “Kobulning yashirin qizlari” kitobi. Bu Afg‘oniston ayollarining hayoti haqida chuqur ma’noga ega asar. Ayollar hikoyalari ruh kuchliligi va ozodlikka intilishning namunasi bo‘lib, biz ko‘pincha oddiy deb qabul qiladigan huquq va erkinlik ahamiyati haqida o‘ylashga undaydi.
2. Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” asari. Har o‘qiganimda kitobning o‘zim uchun yangi tomonlarini kashf etaman. Tasavvuf, falsafa va grotesk yorqin va maroqli tarixda birlashadi, unda axloq, sevgi va erkinlik masalalari oldingi o‘ringa chiqadi. Bulgakov inson tabiatining eng teran va qarama-qarshi tomonlarini yorituvchi asar yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
3. Leonid Solovyovning “Tinchni buzuvchi” kitobidagi Nasriddin haqida quvnoq va ibratli hikoyalar hayotiy donolik va kinoyaga to‘la. Uning sarguzashtlari murakkab vaziyatlarda kutilmagan yechimlarni topishga, inson illatlarini masxara qilishga va hatto eng qiyin vaziyatlarda ham optimizm va zukkolikni saqlashga o‘rgatadi.
Ko‘rib turganingizdek, kitoblar hayotimda katta rol o‘ynaydi. Ular menga o‘sish, rivojlanish va zavq olishga yordam beradi. Men hammaga mutolaaga vaqt ajratishni tavsiya etaman, chunki kitoblarda o‘z-o‘zini anglash va o‘z-o‘zini rivojlantirish uchun cheksiz imkoniyatlar yashiringan.