April 19, 2024

Tajriba almashish va hamkorlik istiqbollari: O‘zRVB va AMX

O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) delegatsiyasining Samarqandga tashrifi doirasida O‘zRVB va Аrmaniston fond birjasi (AMX) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zRVB Bosh direktori o‘rinbosari Аziz Nagayev hamda Hisob-kitob va kliring palatasi rahbari Saida Yakubova, AMX Bosh direktori Аyk Yeganyan va boshqaruvi aʼzosi Аni Makaryan ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida tomonlar Markaziy kontragent (MK) faoliyatini tashkil etish, shu jumladan texnik infratuzilmani rivojlantirish, operatsiyalar xavfsizligini taʼminlash mexanizmlari va xatarlarni boshqarish tizimlari bo‘yicha tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar. Tomonlar ikkala tashkilotda ham MK faoliyatini takomillashtirish uchun qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan eng samarali usullari bo‘yicha fikr almashdilar.

Shuningdek, uchrashuvda fond bozorida bitimlarning yanada samarali bajarilishini taʼminlash uchun MK texnologik bazasi va dasturiy taʼminotini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Bunda, maʼlumotlar xavfsizligining zamonaviy talablariga moslashish va texnologik rivojlanish ham nazarda tutiladi.

Tomonlar markaziy kontragent faoliyatining qonunchilik va meʼyoriy jihatlarini, shu jumladan operatsiyalar shaffofligi va ularni nazorat qilish standartlari hamda bozor ishtirokchilari manfaatlarini himoya qilish standartlarini muhokama qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Markaziy kontragent (MK) moliya bozorining ishtirokchisi bo‘lib, moliyaviy instrumentlar sotuvchilari va xaridorlari o‘rtasida vositachi vazifasini bajaradi. MK har bir bitim bo‘yicha majburiyatlar bajarilishini kafolatlash orqali bozor ishtirokchilari uchun xatarlarni minimallashtirib, bitimlar bo‘yicha xisob-kitoblar amalga oshirilishini taʼminlaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zRVBda MK faoliyati 2022-yil oktabr oyida joriy qilingan.

Ushbu uchrashuv O‘zRVB va AMX o‘rtasida markaziy kontragent faoliyatini yanada takomillashtirish yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Bo‘lib o‘tgan muloqot aniq qo‘shma harakatlar rejasi yaratilishiga va har ikki mamlakat moliya bozorlarining yanada rivojlanishiga turtki bo‘lishi kutilmoqda.