Treyding: moliyaviy landshaftni o‘zgartirayotgan ayollar hikoyalari
Treyding — bu nafaqat bilim va tajriba, balki o‘z kuchiga ishonch, qaror qabul qilish va bozordagi o‘zgarishlariga moslashish qobiliyati ham ahamiyat kasb etgan soha. Tobora ko‘proq ayol treyderlar o‘zlari uchun ushbu dinamik sohaning, jumladan O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) platformasining imkoniyatlarini ochmoqdalar.
Suhbatimizda sizni qiyinchiliklarga qaramay, to‘siqlarni yengib o‘tib, moliyaviy sohada yutuqlarga erishayotgan muvaffaqiyatli treyder ayollar bilan tanishtiramiz. Ushbu ilhomlantiruvchi hikoyalar treydingda professionallik, intizom va rivojlanishga intilish qanchalik muhimligini aks etadi.
“Ipak Yo‘li” AITB G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i, bank sohasida 25-yildan ortiq tajribaga ega. O‘zbekiston bank tizimidagi yagona g‘aznachi ayol hisoblanadi.
Treyding o‘zining dinamikasi va tez o‘zgaruvchan muhitda ishlash imkoniyati bilan meni o‘ziga jalb etdi. Bu sohada tahlil qilish, tezkor qaror qabul qilish va yangi sharoitlarga moslashish muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda O‘zbekistonda moliya bozori jadal rivojlanmoqda: yangi moliyaviy instrumentlar yaratilmoqda, birja savdolariga qiziqish ortib bormoqda, raqamli iqtisodiyot yanada takomillashmoqda. Bularning barchasi treyderlar va investorlar uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etadi.
O‘z faoliyatimda eng avvalo tahlilga suyanaman. Moliya bozorida muvaffaqiyatga erishishda fundamental va texnik tahlil zarur asos hisoblanadi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan intuitsiya, bozordagi holat, investorlar kutayotgan natijalar va voqealar rivojlanishining ehtimoliy ssenariylarini his eta olish qobiliyati ham shakllanadi. Ba’zida hattoki sezgi darajasida ma’lum bir o‘zgarish yoki yangi instrument moliya bozori holatiga va umuman iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishini tushunib olasiz.
Risklar treydingning ajralmas qismi, biroq uni xedjirlash mumkin. Risklarni to‘g‘ri boshqarish — jasorat va ehtiyotkorlik o‘rtasidagi muvozanatni saqlashdir. Barcha mablag‘larni bitta instrument orqali boshqarish yoki aniq strategiyasiz harakat qilish noto‘g‘ri. Uzoq muddatli tendensiyalarni va qonunchilikda ehtimoliy o‘zgarishlarini inobatga olish muhim ahamiyatga ega.
Trastbank Qimmatli qog‘ozlar boshkarmasining Aksiyadorlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, bank tizimida 20-yillik tajribaga ega, treyder sifatida 2018-yildan beri faoliyat yuritmoqda.
Treydingdagi eng katta yutug‘im — bu moliyaviy muvaffaqiyatdan ko‘ra, professional o‘sish va tajriba orttirish bo‘ldi. Davlat kimmatli kogozlari bilan savdo qilish uchun treyder sifatida ishlashni boshlaganimda, bozorni chuqur tahlil qilishga, bank strategiyasini yaratishga va tavakkalchilikni samarali boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirishga muvaffaq buldim.
Moliyaviy jihatdan eng katta yutug‘im esa yuqori miqdordagi sarmoyani samarali boshqarish va kutilmagan bozor o‘zgarishlariga moslashib, sezilarli daromad olishga o‘z hissamni qo‘shdim. Lekin eng muhimi, bu jarayonda sabr-toqat, intizomga erishib, o‘z hissiyotlarimni nazorat qilishni o‘rgandim. Shuningdek, bilim va tajribamni boshqalar bilan bo‘lishish, ularga ko‘mak berish orqali ham katta yutuqqa erishdim, chunki bu menga nafaqat moliyaviy, balki shaxsiy o‘sishimga ham ta’sir etdi.
Treyding sohasida men bir nechta stereotiplar va noto‘g‘ri tushunchalarga duch kelganman. Masalan, ayollar hissiyotlarga ko‘proq beriladi, degan qarash bor. Lekin amalda ayollar ko‘pincha ehtiyotkorlik bilan qaror qabul qiladi va hissiyotlarni nazorat qilishga ko‘proq e’tibor beradi.
Bundan tashqari, ayollar moliyaviy tahlil va raqamlar bilan ishlashda unchalik kuchli emas, degan noto‘g‘ri tushuncha mavjud. Aslida esa aynan ayollar murakkab tahlillarni chuqurroq o‘rganishga moyildir. Ko‘pchilik ayollar xavf-xatarni qabul qila olmaydi, deb o‘ylashadi. Lekin men o‘z tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, ayollar risklarni aql bilan boshqarib, ehtiyotkorlik bilan qarorlar qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Valyuta operatsiyalari boshqarmasi boshlig‘i, bank tizimida 14-yildan ortiq tajribaga ega mutaxassis.
Treyding va investitsiyalar — moliya bozorida foyda olishga qaratilgan ikkita alohida yo‘nalish hisoblanadi. Ular strategiya, yondashuv va rejalashtirish davri bilan farqlanadi, biroq har birining negizida kapitalni samarali boshqarish hamda bozor imkoniyatlarini puxta tahlil qilish joylashgan.
Men uchun treyding va investitsiyalarning jozibadorligi shundaki, bu sohada ijodiy qobiliyat, ko‘nikmalar, intuitsiya, tanqidiy fikrlash va hatto sovuqqonlik talab etiladi. Chunki moliyaviy instrumentlar bilan ishlashning asosida har doim risklar mavjud bo‘lgan.
O‘ylashimcha, tahliliy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan insonlar muvaffaqiyatli treyderlar bo‘lib yetishishi mumkin. Bundan tashqari, risklarni yuqori darajada his qilish, stress holatlariga bardoshlilik, ratsional yondashuv, tanqidiy fikrlash va intizomlilik ham muhim fazilatlar sanaladi.
Ishonch bilan ayta olamanki, treyderlar va investorlar — bu ilg‘or fikrlaydigan, zamon bilan hamnafas yuradigan va doimiy ravishda o‘zini ishlab boradigan insonlardir. Ushbu dinamik sohaning bir qismi bo‘lish hamda moliya bozori va umuman mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shish menga mamnuniyat bag‘ishlaydi.
«Asakabank» AJ G‘aznachilik departamenti bosh mutaxassisi
Treyding va investitsiyalarda meni nafaqat bozorlarni tahlil qilish, ulardagi xatti-harakatlarni bashorat qilish qobiliyati, balki bunda foyda olish uchun turli strategiyalardan foydalanish ham o‘ziga jalb qiladi. Bu qiziqarli soha bo‘lib, unda har kuni shaxsiy va kasbiy o‘sish uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.
Treydingdagi birinchi tajribaga kelsak, menimcha, ko‘pchilik treyderlar uchun birinchi bitim har doim hissiy zo‘riqish, hayajon va noaniqlik bilan kechadi. Bu ham ijobiy, ham salbiy tajriba bo‘lishi mumkin, bu muvaffaqiyat yo‘lida muhim saboq bo‘lib xizmat qiladi.
Treyder ayollar ko‘pincha tazyiq va stereotiplarga duch kelishadi: ularning qobiliyatlari va yutuqlariga shubha bilan qarashadi, ayollarning haddan tashqari hissiyotlarga beriluvchanligiga ishonishadi. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, tobora ko‘proq ayollar bu sohada sezilarli yutuqlarga erishmoqda, bu stereotiplarni yo‘q qilmoqda va muvaffaqiyatga erishish uchun jins emas, balki kasbiy ko‘nikmalar, intizom va qat’iyat muhimligini isbotlamoqda.
«Uzum Bank» AJ G‘aznachilik departamenti bosh mutaxassisi.
Muvaffaqiyatsizliklar — treydingning muqarrar qismidir. Ularsiz o‘sish va tajriba orttirish mumkin emas. Men ularni qimmatli tajriba sifatida qabul qilaman, saboq olaman va oldinga intilaman. Vaqt o‘tishi bilan ehtiyotkor bo‘lib boryapman, xavf-xatarlarga vazminlik bilan yondashyapman. Muvaffaqiyatsizliklarni o‘tmishda qoldirib, men yana bir bor aniq fikr va qarorlarimga qat’iy ishongan holda savdolarga qaytaman.
Men risklarni sinchkovlik bilan baholayman va noaniqlik darajasi yuqori bo‘lgan bitimlardan qochaman. Treydingda ayollar erkaklarga qaraganda kamroq hissiyotga berilishadi — ehtimol, hayotda his-tuyg‘ularimizni namoyon qilishimiz mumkin bo‘lgan sohalar yetarli bo‘lgani uchundir. Shu tufayli ortiqcha zo‘riqishsiz savdo qilishda xotirjamlik va diqqatni jamlashga erishaman.
Fikrimcha, muvaffaqiyatli treyder bir qator asosiy fazilatlarga ega bo‘lishi kerak. Avvalo — sovuqqonlik: omadsiz bitimlar haqida o‘ylamaslik, xotirjam va vahimasiz ishlash qobiliyati. Ehtiyotkorlik ham muhim ahamiyatga ega — ortiqcha risklardan qochish va pozitsiyalarni o‘z vaqtida yopish qobiliyati. Aynan hisob-kitob va chidamlilik muvozanati treyderni bozorda kuchli ishtirokchiga aylantiradi.