February 17, 2025

O‘zRVBda Bobur tavallud kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi  

O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB)da buyuk shoir, tarixchi va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuni hamda Xalqaro kitob hadya etish kuniga bag’ishlangan tadbir bo’lib o’tdi.

Tadbir avvalida O’zRVB Bosh direktori o‘rinbosari Jasur Hakimov Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kirish so‘zida Boburning turkiy adabiyot rivojiga qo‘shgan hissasi, “Bobur-noma” tarixiy asari, madaniyat, me’morchilik va san’atdagi merosi haqida gapirib o’tdi. Zaxiriddin Muhammad Boburning tarixchi va sayohatchi sifatidagi faoliyatiga, uning o‘z davrining tabiati, madaniyati va siyosiy muhitini jonli va aniq tasvirlash qobiliyatiga alohida e’tibor qaratdi.

“Adabiy kofe-tannafus” davomida tadbir ishtirokchilari o‘zlari tanlagan kitob nima uchun ularni ilhomlantirganligi, dunyoqarashiga qanday ta’sir ko’rsatganligi haqida so‘zlab, sevimli kitoblari to’g’risida taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, ishtirokchilar "Kitoblar bilan bog’liqlik" o‘yinida ularga berilgan so‘zlarni u yoki bu asar bilan bog‘lab, adabiyotdagi o‘z bilimlarini namoyish etdilar.

Tadbir yakunida "Kitoblar bir jumlada" intellektual o‘yini bo‘lib o‘tib, unda ishtirokchilar kitoblarning qisqacha tavsifi bo’yicha u qaysi asar ekanligini topishlari kerak bo’ldi.

Tarix va intellektual muloqot ixlosmandlarini birlashtirgan tadbir iliq va do‘stona muhitda o‘tdi.

Ishtirokchilar Bobur shaxsi haqida batafsil ma’lumot olganliklari va o‘zlarining adabiy qiziqishlari bilan o‘rtoqlashish imkoniyatiga ega bo‘lganliklari uchun tadbir tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdilar.

O‘zRVB madaniy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni hamda xodimlar o‘rtasida intellektual almashinuvga ko‘maklashuvchi va tarix hamda adabiyotga qiziqishni oshiruvchi tadbirlarni tashkillashtirishni davom ettiradi.