July 19, 2022

#MadeinUzbekistan

#MadeinUzbekistan rukni orqali bu gal sizga turli zichlikdagi va yuqori sifatli qattiqlikdagi poliuretan ko'pik (ko'pikli kauchuk)dan keng turdagi mahsulotlar ishlab chiqaradigan "EGIDA-SIMAKX" O'zbekiston-Rossiya MCHJ QK haqida ma'lumot beramiz.

“EGIDA” korxonasi 2020-yilda Toshkent viloyaining Ohangaron shahrida Tatariston bilan hamkorlikda o'z faoliyatini boshlagan. Kompaniya mebel, avtomobilsozlik va charmsanoat uchun birlamchi va ikkilamchi ko'pikli kauchuk, shuningdek, mebel sanoati uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqaradi. Ishlab chiqarishda 150 dan ortiq ishchi mehnat qiladi. Korxonaning yillik quvvati 3 ming tonna mahsulotni tashkil etadi.

Korxonada mahalliylashtirish darajasi 100%ni tashkil etadi. Barcha jihozlar Yevropa va Xitoydan keltirilgan. Kompaniya barqaror ishlab chiqarishning faol tarafdori hisoblanadi. Mebel va boshqa sohalardagi ko'pik qoldiqlarini ikkilamchi xomashyoga aylantirish orqali "EGIDA-SIMAKX" atrof-muhitni asrashga hissa qo'shadi.

"EGIDA-SIMAKX" O'zbekiston Respublikasidagi eng yirik ko'pikli kauchuk ishlab chiqaruvchi korxona sanaladi. Mahsulotlar Tojikiston, Qirg'iziston, Qozog'iston, Ozarbayjon va Rossiya Federasiyasiga eksport qilinadi. Kompaniya dunyoning boshqa mamlakatlari bozorlariga chiqish bo'yicha imkoniyatlar ustida izlanadi. Kompaniya mahsulotlari O'zbekistonning mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan. Mahsulotlar to'liq sertifikatlangan. Ishlab chiqarish jarayoni doimiy nazoratda. Tayyor mahsulotlar esa kompaniyaning o'z laboratoriyasi doimiy sifat nazoratidan o'tkazib boriladi.