October 11, 2022

O'ZBEKISTON-QIRG'IZISTON: HAMKORLIKNING YANGI YO'NALISHLARI

“O‘zcharmsanoat” uyushmasida Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jamanbaev Musa Muratalievich bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda charm-poyabzal sanoatida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va bu borada hamkorlikni yanada mustahkamlashdan maslalari ko`rib chiqildi.

Uchrashuvda Uyushma rahbariyati Qirg‘iziston elchisiga charm-poyabzal sohasida bugungi kunda O‘zbekiston erishayotgan yutuqlar, tarmoqning mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, mehmonga mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar haqida ham ma’lumotlar taqdim etildi. O‘z navbatida, elchi ishlab chiqaruvchilarimiz uchun tashqi bozorlarda yangi bozorlar ochilayotgan zamonaviy davrda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasiga bo‘lajak davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rishning dolzarb masalalarini ham muhokama qildi. Tashrif arafasida belgilangan qo‘shma reja va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdilar.

Uchrashuvda tomonlar chorva mollarini so‘yish korxonalarini tashkil etish, tayyor mahsulotlarni Qirg`iz Respublikasiga import qilish masalalarini ko`rib chiqdi. Bunday korxonalar uchun uskunalar O‘zbekistonda allaqachon ishlab chiqarilmoqda va ikki davlat tadbirkorlari bu borada hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlari mumkin ekanligi qirg`iz tomonidan alohida qayd etildi.

Qayd etish joiz, bugungi kunda Qirgʻizistonda uyushma aʼzosi “Botir Muhammadali” MCHJ tomonidan ochilgan “Elite Stile” multibrend doʻkoni, shuningdek, “Ravon Tarroqiyot Orzusi” MCHJning bir qator dilerlik markazlari faoliyat koʻrsatmoqda.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.