June 30, 2022

“INSON QADRINI ULUG'LASH VA FAOL MAHALLA YILI”DA DAVLAT DASTURI IJROSI MUHOKAMA QILINDI

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo'mitasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston liberal-demokratik partiyasi (“O‘zLiDeP”)ning Qonunchilik palatasidagi Fraksiyasi, ushbu partiyaning Siyosiy Kengashi Ijroiya qo'mitasi mas'ul shaxslaridan iborat, ishchi guruh hamda “O'zcharmsanoat” uyushmasi hamkorligida davra suhbati o'tkazildi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-sonli Farmoni 2-ilovasi – 2022-2026 yillarga mo'ljallangan YAngi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi bilan belgilab berilgan vazifa – charm-poyabzal sohasini rivojlantirish orqali ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga ko'paytirish masalasida olib borilayotgan muhim jarayonlar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir davomida O'zcharmsanoat” uyushmasi raisi Davlat dasturi ijrosi bo'yicha tahliliy ma'lumotlar yuzasidan ma'ruza qildi. Davlat dasturi bo'yicha axborotlar va takliflar, belgilangan vazifalarni amalga oshirishning yo'nalishlari va bosqichlari kesimida batafsil ma'lumot berildi. Uyushmaning mas'ul rahbar xodimlari tomonidan taqdimot materiallari ishchi guruhga taqdim etildi.

Ijro jarayoni bilan bog'liq masalalar misol uchun, Davlat dasturida “O'zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi belgilangan muddatda – 2022 yil mart oyida bajarilgan hamda ushbu dastur Vazirlar Mahkamasi darajasida tasdiqlangan bo'lib, hozirda unga binoan barcha zaruriy ishlar izchil olib borilmoqda.

Shu bilan birga, yuqoridagi Farmonga muvofiq muhim normativ-huquqiy hujjat – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 fevraldagi PQ-143-sonli “CHarm-poyabzal va mo'ynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bilan, soha bo'yicha strategik vazifalarning mantiqiy davomi sifatida, bir qator topshiriqlar belgilab berilgan.

Ushbu Qaror ilovasiga muvofiq, sohada kelgusi besh yilga mo'ljallangan maqsadli parametrlar belgilangan bo'lib, unda hududlarda charm mahsulotidan poyabzal va charm-attorlik tayyor mahsulotlari, shuningdek, import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishdagi mavjud bo'shliqlarni to'ldirish orqali 2026 yilga borib sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini 18,6 trln. so'mga yetkazish, ya'ni 2021 yilga nisbatan 4,2 marta, 2022 yilga nisbatan esa 3,4 martaga oshirish nazarda tutilgan.

Bunda, tayyor charm mahsulotlarini 2,1 barobarga (3, 464 mlrd. kv. dm.ga), poyabzal mahsulotlarini 4,1 barobarga (470,3 mln. juftga), charm-attorlik mahsulotlarini 4,1 barobarga (420,3 mlrd so'mga), charmdan kiyim-kechaklarni 2,7 barobarga (72,6 ming donaga), import o'rnini bosuvchi butlovchi va boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni 1,5 barobarga (677,2 mlrd so'mga) hamda sohaning eksport ko'rsatkichlarini 1,200 mlrd. dollarga yetkazish ko'zda tutilgan.

Sohaga berilayotgan alohida e'tibor natijasida bugungi kunda charm-poyabzal sohasi respublikamizda sanoatning yetakchi va “drayver” tarmoqlaridan biriga aylanib bormoqda. Sohani yana rivojlantirish, ishlab chiqarish, eksport, investisiyalar hajmini oshirish maqsadida bir qator ishlar tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda, jumladan, mahalliy hamda xorijiy salohiyatli investorlarni jalb qilish evaziga, ishlab chiqarish hamda eksport hajmlarini oshirishga erishilayotganligi raqamli dalillarda o'z aksini topgan.

Jumladan, 2022-2026 yillar uuchn soha bo'yicha jami qiymati 1 mlrd. dollar bo'lgan 555 ta investisiya loyihalari shakllantirilgan bo'lib, shundan ulardan 218 mln. dollarlik 120 ta qismi 2022 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilganligi diqqatga sazovor. Ushbu investisiya loyihalari amalga oshirilishi hamda mavjud ishlab chiqarish quvvatlari hisobiga soha bo'yicha ishlab chiqarish hajmini 2022 yilda 5,5 trln. so'mga, eksport hajmini 450 mln. dollarga yetkazishga erishilishi belgilab olingan.

Shuningdek, yanvar-iyun oylarida “O'zcharmsanoat” uyushmasi hamda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O'zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda Uyushmaga a'zo bo'lgan, charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi 392 ta korxonalarda sifat menejmenti tizimini joriy etish darajasi holati yuzasidan tahlil o'tkazildi. Tahlil va olib borilgan amaliy yordamlar natijasida 49 ta (shu jumladan: terini qayta ishlovchi 14 ta, poyabzal ishlab chiqaruvchi 33 ta va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi 2 ta) korxonada mazkur yo'nalishdagi menejment tizimi joriy etildi.

Bu ko'rsatkichlar va sur'atlar albatta “O‘zLiDeP” Platformasi bilan ham hamohangligi ta'kidlab o'tildi.

Erishilayotgan natijalar, xususan, ayrim yo'nalishlar kesimida belgilangan prognozga nisbatan oshiq darajada ta'minlangan ijobiy ko'rsatkichlar Uyushmaning mehnat jamoasi, a'zolari va hamkorlari uchun sur'atlarni yanada yuksaltirmaslikka sabab sifatida xizmat qilmasligi lozimligi, “O'zcharmsanoat” uyushmasi jamoasi tubdan sifat o'zgarishlari amalga oshirilishining faol ishtirokchisi bo'lishi hal qiluvchi ahamiyatga egaligi ta'kidlab o'tildi.

Aniq dalillar tahliliga ko'ra ijobiy baholashlar va e'tiroflar bilan birga o'z o'rnida qizg'in muhokamalar bilan o'tkazilgan ushbu tadbirda Ishchi guruhi va “O'zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati o'rtasida yuqoridagi Davlat dasturi, shuningdek, boshqa tegishli normativ-huquqiy va o'zga turdagi hujjatlar ijrosi jarayonida tizimli va izchil hamkorlik, shuningdek, jamoatchilik va deputatlik nazorati faol ravishda kelgusida ham yo'lga qo'yib borilishiga kelishib olindi.

Shundan so'ng yig'ilish ishtirokchilar tomonidan O'zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritishga doir Konstitusiyaviy qonunlar loyihalari yuzasida jamoatchilik muhokamasi bo'lib o'tdi. Takidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda konstitusiyaviy islohotlar jarayoni qizg'in pallaga kirdi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining Qo'shma qarori bilan tuzilgan Konstitusiyaviy komissiyaga o'tgan bir oy davomida kelib tushgan 60 mingdan ortiq takliflar asosida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan, shuningdek Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi tomonidan tayyorlangan joriy yil 24 iyun kuni Qonunchilik palatasi tomonidan ko'rib chiqildi. Konstitusiyaviy qonunlar loyihalari O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o'qishda qabul qilinib, yagona «O'zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni loyihasiga birlashtirildi.

Konstitusiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 170 dan ortiq o'zgartishlar kiritishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.

Ishchi guruh tomonidan Bosh qomusimizning moddalariga kiritilayotgan o'zgartish va qo'shimchalar, kelib tushgan takliflar mazmuni to'g'risida batafsil Uyushma xodimlariga ma'lumot berdi.

Qayd etish kerak, kiritalyotgan o'zgartish va qo'shimchalarning aksariyati mazmun-mohiyatiga ko'ra, «inson — jamiyat — davlat», «Yangi O'zbekiston — ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitusiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini to'la ta'minlashga qaratilgan.