September 30, 2022

O‘ZBEKISTON ISPANIYAGA TAYYOR CHARM EKSPORTINI BOSHLAYDI

“O‘zcharmsanoat” uyushmasida Ispaniyaning “XGE” kompaniyasi direktori Xose Luis Marsilo bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda mamlakatimizda tayyorlangan tayyor charm mahsulotlarni Ispaniyaga eksport qilish masalasi muhokama qilindi.

Ispaniya kompaniyasi rahbari Xose Luis Marsilo bugungi kunda O‘zbekiston charm-poyabzal va mo‘ynachilik sanoati tez surʼatda rivojlanayotgani, mamlakatimizda tayyorlangan mahsulotlar YEI bozoriga kirib ulgurganini qayd etib, yurtimiz tadbirkorlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va tayyor charm mahsulotlarini Ispaniya bozoriga olib kirish bo‘yicha tashabbuslarini maʼlum qildi.

Uyushma rahbariyati tomonidan Ispaniya kompaniyasiga ikki yo‘nalishda hamkorlik taklifi bildirildi. Birinchi yo‘nalish tayyor charm mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan eksport-import amaliyotlarini amalga oshirish bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish Ispaniya brendlari bilan “Autsorsing” va “Franchayzing” asosida mamlakatimizda tayyor charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarishdir.

“XGE” kompaniyasi mazkur ikki yo‘nalishda ham hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qildi. Hamkorlikni boshlash uchun dastlab mahalliy korxonalar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Tayyor charm eksporti bo‘yicha Ispan kompaniyasi “Peng Sheng”, “Orient Tehnology”, “Nafis Charm”, “Hamkor Nur Savdo” korxonalari mahsulotlari va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishadi. Naʼmunalar Ispaniya standartlaridan o‘tganidan so‘ng tanlab olingan korxonaning tayyor charm mahsulotlari Ispaniyaga eksport qilinadi.

Uchrashuvda shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashildi.