May 23, 2022

MARKAZIY VA JANUBIY OSIYODA SANOATI YIRIK DAVLATLAR – ISHONCHLI HAMKORLAR

2022-yilning 25-27-may kunlari boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpo-2022” 12-xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi doirasida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati “Penza Exports” va “ShLF” kompaniyalari vakillaridan iborat Hindiston delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Qayd etish kerakki, “UzCharmExpo-2022” 12-xalqaro koʻrgazma-yarmarkasida Hindiston Respublikasidan 10 dan ortiq yirik charm-poyabzal, charm-attorlik moʻynachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar delegatsiyalari ishtirok etadi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, joriy yilning aprel oyida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining Hindistonga amalga oshirgan biznes-missiyasi mazkur mamlakat kompaniyalarida katta taassurot uygʻotgan. Mamlakatimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti hindistonlik investorlarni Oʻzbekistonga yanada keng jalb qilmoqda.

Muloqot chogʻida “Penza Exports” va “ShLF” kompaniyalari vakillariga mamlakatimizda charm-poyabzal va moʻynachilik sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan qonunchilik bazasi, mahalliy va xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, xom ashyo bazasi toʻgʻrisida atroflicha maʼlumotlar taqdim etildi.
Hindiston kompaniyalari Oʻzbekistonda maxsus poyabzallar va charm-attorlik buyumlarini ishlab chiqarish boʻyicha yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish tashabbusini bildirdi. “Penza Exports” kompaniyasi vakillari mebelsozlik va avtomobilsozlik uchun zarur boʻlgan charmni Oʻzbekistondan xarid qilishni maqsad qilganini maʼlum qildi. Bu borada mahalliy korxonalar bilan muloqotlar oʻtkazilishi boʻyicha kelishib olindi. Shu maqsadda “UzCharmExpo-2022” xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi kunlari davomida kompaniya vakillari mamlakatimizdagi charm ishlab chiqaruvchi korxonalar, charm-attorlik buyumlari va maxsus poyabzallar tayyorlovchi korxonalarga biznes-turlarini amalga oshirishni rejalashtirgan.

Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerak: “Penza Group” kompaniyasiga 1990-yilda asos solingan. Dastlabki faoliyatini Hindistonning mahalliy korxonalari uchun qoramol terisidan “wet-blue” tayyorlash boʻyicha boshlagan. Yillar oʻtgach, kompaniyada ikkilamchi qayta ishlangan terini tayyor mahsulotga aylantirish va undan charm-attorlik mahsulotlarini olish boʻyicha ishlar boshlangan. Sekin-astalik bilan xalqaro bozorga chiqishni maqsad qilgan kompaniya avtomobilsozlik va mebelsozlik uchun tayyor charm eksportini 2004-yildan boshlab Janubiy Koreyaga amalga oshira boshlaydi. 2006-yildan boshlab kompaniyaning charm mahsulotlariga Italiya ham qiziqish bildiradi. Bugungi kunda “Penza Group” dunyoda tayyor charm yetkazib beruvchilar reytingida yuqori oʻrinlardan birida turadi. Kompaniyada yiliga 3,5-4 mln. metr kvadrat tayyor charm ishlab chiqariladi. Klaster tizimida oʻz faoliyatini olib boradigan bu korxonada terini qayta ishlashdan tortib to tayyor mahsulotlargacha boʻlgan jarayonlar shu joyning oʻzida amalga oshiriladi.

Uchrashuv davomida kompaniya vakillari bilan mahalliy korxonalar oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish maqsadida “UzCharmExpo-2022” xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi doirasida B2B uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib olindi.