July 15, 2022

CHARM-POYABZAL SANOATIDA O'ZBEKISTON – TURKMANISTON HAMKORLIGI ISTIQBOLLARI

“O'zcharmsanoat” uyushmasida Turkmanistonning “Maksad deri” kompaniyasi rahbari boshchiligidagi delegasiya bilan charm-poyabzal sanoatida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish va yangi qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha uchrashuv bo'lib o'tdi.

Muloqot avvalida Turkmanistonlik sarmoyadorlarga mamlakatimizning charm-poyabzal va mo'ynachilik sanoatida yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar, sohaning ishlab chiqarish salohiyati, investision salohiyati, eksport ko'rsatkichlari to'g'risida ma'lumot taqdim etildi. SHuningdek, ayni yo'nalishga o'z investisiyasini kiritishni maqsad qilgan mahalliy va xorijiy investorlar uchun davlat tomonidan berilgan imkoniyat va yaratilayotgan sharoitlar, bojxona, soliq imtiyozlar to'g'risida axborot berildi.

Turkman kompaniyasi rahbari muloqot chog'ida mamlakatimiz hududlarida bo'lib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishganligini ma'lum qildi. Korxonalarning salohiyatini yuqori baholadi. So'ngi yillarda mamlakatimizning bu yo'nalishdagi potensiali ortib borayotgani, O'zbekistonda tayyorlangan yorlig'i ostidagi mahsulotlarga dunyo bozorida talab ortayotganini alohida qayd etdi. SHu bois O'zbekiston bilan hamkorlik qilishni maqsad qilganini takidlab o'tdi.

Ma'lumot o'rnida qayd etish kerak, bugungi kunda “Maksad deri” kompaniyasi Turkmanistondagi yirik terini qayta ishlash korxonasi sanaladi. Kunlik 1000 dona terini qayta ishlash imkoniyatiga egadir. Xozirda Turkmanistonda bu kabi terini qayta ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 3 tani tashkil etadi. Ularni kelgusida 10 taga yetkazish maqsad qilingan. Shu boisdan Turkmaniston korxonasi bo' yo'nalishda aynan O'zbekiston tajribasini o'rganishni maqsad qilgan. Shuningdek, Turkmaniston poyabzalning 70 foizi xorijdan xususan, O'zbekistondan import qiladi.

Muloqot chog'ida Turkmanistonlik investor O'zbekistonda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, davlat va hukumatning xorijlik sarmoyadorlarni to'liq qo'llab- quvvatlishi sabab, mamlakatimizda poyabzal ishlab chiqarish korxonasini barpo etish bo'yicha o'z tashabbusini bildirdi.

Uchrashuv yakunida “O'zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan Turkman kompaniyasiga yangi korxonani ochish bo'yicha amaliy ko'mak ko'rsatish va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha kelgusidagi vazifalar begilab olindi.