June 29, 2022

ISROILDA SAVDO VA ISHBILARMONLIK TASHABBUSLARI

Joriy yilning 28-29 iyun kunlari Isroilning Tel-Aviv shahrida O'zbekistonning Isroildagi elchixonasi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimizning iqtisodiyot tarmqolaridagi tashkilot va idoralar, viloyat hokimliklaridan iborat delegasiya tarkibida “O'zcharmsanoat” uyushmasi ham “O'zbekiston-Isroil” savdo missiyasida ishtirok etdi.

Mazkur savdo missiyasining dastlabki kunida tashkil etilgan biznes-forumda “O'zcharmsanoat” uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari Isroillik ishbilarmonlarga, yirik kompaniyalar vakillariga mamlakatimiz charm-poyabzal va mo'ynachilik tarmog'ining imkoniyatlari va ishlab chiqarish salohiyati yuzasidan taqdimot o'tkazdi.

Forum ishtirokchilariga bugungi kunda mamlakatimizning charm-poyabzal va mo'ynachilik sanoatining ishlab chiqarish imkoniyatlari, investision salohiyati, eksport ko'rsatkichlari to'g'risida batafsil ma'ulot taqdim etildi. Shuningdek, respublikamizda ayni sohaga o'z sarmoyasini kiritish niyatida bo'lgan xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan sharoitlar, davlat tomonidan berilayotgan soliq, bojxona imtiyozlari haqida atroflicha ma'lumot taqdim etildi.

Shu bilan birga bugungi kunda O'zbekistonda faoliyat olib borayotgan charm-poyabzal va mo'ynachilik korxonalari faoliyati, mahsulot turlari, mahalliylashtirish dasturi, xalqaro hamkorlik bo'yicha so'z yuritildi.

Biznes-forum ishtirokchilari ayni yo'nalishda hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan muzokaralarga kirishdi. Shuningdek, B2B uchrashuvlarda ikki tomonlama manfaatli aloqalarni yo'lga qo'yish bo'yicha muloqotlar tashkil etildi.

Savdo missiyasi doirasida “O'zbekistonda tayyorlangan” yorligi ostidagi charm-poyabzal va mo'yna mahsulotlarini Isroilga eksport qilish bo'yicha uchrashuvlar va muzokaralar o'tkazildi. Ushbu savdo missiyasi yakuni bilan qator eksport shartnomalari va kelishuvlari imzolanishi kutilmoqda.