ITALIYANING “TECON” BRENDI OʻZBEKISTONDA OʻZ MAHSULOTINI ISHLAB CHIQARADI.
Italiyaning “TECON” kompaniyasi qariyb 300 ming yevrolik ishlab chiqarish quvvatlari va korxonalarga xizmat koʻrsatish markazini oʻz ichiga olgan yangi loyihani Oʻzbekistonda amalga oshirishni maqsad qilgan. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda loyihani amalga oshirishga doir tashkiliy-amaliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Maʼlumot uchun, “Tecon” - 40 yildan buyon poyabzal sanoati uchun texnologiya va butlovchi qismlar yetkazib berish bilan shugʻulanib keladi. Oʻzining faoliyati davomida “Tecon” Italiyaning milliy brendiga aylanishga muvaffaq boʻldi. Kompaniya dunyoda oʻz oʻrniga egadir.
Uchrashuvda kompaniya menejeri Kamilla Tavitti “Teсon” kompaniyasi rahbari Jorjio Menikoni 8 yil avval Oʻzbekistonga tashrif buyurib, mamlakatimizning ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishgani, ulkan, ammo hozirgacha foydalanilmayotgan salohiyatdan ruhlangani takidladi. Bugungi kunda bu salohiyat ochilmoqda, – dedi Kamilla Taviti – mamlakatimizda investorlar uchun qulay shart-sharoitlar, ochiq va liberal pul-kredit siyosati, biznesni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va davlat kafolatlari mavjud. Aynan shu omillar yangi loyihani amalga oshirishga turtki boʻldi.
Muloqotda Oʻzbekiston charm-poyabzal sanoatining ishlab chiqarish salohiyati, eksport geografiyasiga oid taqdimotlar oʻtkazildi. Italiya kompaniyasi mamlakatimiz hududlaridagi ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurishdan olgan taʼsurotlari bilan oʻrtoqlashdi, texnologik jarayonlar va hududlarning salohiyatini yuqori baholadi.
Yaqin kunlarda Italiya kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolanadi. Shundan soʻng yangi ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish boʻyicha dastlabki ishlar boshlanadi.