O‘ZBEKISTON-ERON: MANFAATLI EKSPORT-IMORT AMALIYOTLARI
“O‘zcharmsanoat” uyushmasida Eron Islom Respublikasining “Eron poliuretan ishlab chiqaruvchilar” uyushmasi hamda “Polyurethane Group” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, manafaatli eksport-import amaliyotlarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuv avvalida Eron tomoniga mamlakatimizdagi charm-poyabzal korxonalari, ularning ishlab chiqarish salohiyati, xorijiy va mahalliy investorlarga yaratilgan sharoitlar to‘g‘risida atroflicha maʼlumot taqdim etildi.
Muzokaralarning bosh mavzusi esa bugungi kunda respublikamizdagi poyabzal tag qismlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga zarur bo‘lgan xom ashyo poliuretanni Erondan xarid qilish hamda mazkur davlatga O‘zbekistonda tayyorlangan yorlig‘i ostidagi tabbiy va suniy charm mahsulotlarni yetkazib berish masalasi bo‘ldi.
Eron tomoni avtomobilsozlik uchun zarur bo‘lgan tabiiy va suniy charmni O‘zbekistondan harid qilishga qiziqish bildirdi. Mexmonlar qayd etganidek, O‘zbekistonda ayni sohada xalqaro standartlarga mos keluvchi charm mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shuningdek, logistika jihatidan mamlakatimizdan bu turdagi mahsulotlarni xarid qilish juda qulaydir.
“Polyurethane Group” kompaniyasi vitse-prezidenti takidlaganidek, avtomobillarning rul qismi uchun tabiiy charm va avtomobil o‘rindiqlari uchun suniy charmga Eronda talab yuqori. Shu sabab, bu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar blan yaqin hamkorlik qilish tashabbusi bildirildi. Shuningdek, mahalliy korxonalarimiz uchun poliuretan xom ashyosini yetkazib berish bo‘yicha “Eron poliuretan ishlab chiqaruvchilar” uyushmasi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda qo‘shma omborxonalarni tashkil etish masalasi muhokama etildi. Muloqotda bu jaryonning amaliy jihatlari taxlil qilindi.
Shuningdek, “EGIDA-SIMAKX” qo‘shma korxonasi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha tashabbuslar muhokama qilindi. Muloqotda mahalliy korxonamizga poliuretan xom ashyosini yetkazib berish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuvda hamkorlikning istiqboldagi yo‘nalishlari belgilab olindi.