CHARM-POYABZAL VA MO'YNACHILIK TARMOG'IDA INTELEKTUAL MULK HIMOYASI
“O'zcharmsanoat” uyushmasi hamda uning hududiy boshqarmalari, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti ishtirokida seminar tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 apreldagi “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar, mazkur xujjatning mazmun-mohiyatini ishlab chiqarish korxonalariga etakazishdan iboratdir.
Uchrashuvda qayd etilganidek, Qaror bilan 2022–2026 yillarda O'zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiyaning bosh maqsadi mamlakatda «Intellektual mulkning samarali huquqiy muhofazasidan — kuchli huquqiy himoyasi sari» tamoyili asosida intellektual mulkni jamiyat va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini rivojlantiruvchi asosiy drayverga aylantirish orqali O'zbekistonni ilmiy-texnikaviy va ixtirochilik jihatdan taraqqiy etgan davlatlar qatoriga kiritish hamda mintaqaviy brendlarni hududlarni har tomonlama rivojlantiruvchi vosita sifatida yuzaga chiqarish hisoblanadi.
SHuningdek, ma'ruzachilar O'zbekiston Respublikasining “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to'g'risida”gi qonunining mazmun mohiyati, talabnoma topshirish tartibi to'g'risida to'xtalib o'tdi.
Ixtirolar va foydali modelga topshirilgan talabnomalar yuzasidan talabnoma topshirilgandan patent berishgacha bo'lgan jarayonda ish yuritish tartibi haqida malumot berildi.
Ma'ruza davomida ixtiro va foydali modelga chet-elda patent olish tartibi haqida xam atroflicha so'z yuritildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.