January 14, 2022

XITOYLIK INVESTOR OʻZBEKISTONDA SPORT POYABZALLARINI ISHLAB CHIQARISHNI REJALASHTIRMOQDA

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasining Xitoydagi elchixonasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Xitoydagi vakolatxonasi hamkorligida Oʻzbekistonda sport poyabzallari ishlab chiqarish loyihasini Oʻzbekistonlik va Xitoylik tadbirkorlar bilan birgalikda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqotda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasining Xitoydagi elchixonasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Xitoydagi vakolatxonasi mutaxassislari, shuningdek sohaning 15 dan ortiq mahalliy korxonalari hamda Xitoy Xalq Respublikasining “Bei Falai Group” kompaniyasi vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuv avvalida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan Xitoylik investorga mamlakatimizning charm-poyabzal sohasiga berilayotgan eʼtibor, imkoniyatlar va yengilliklar, sohaning salohiyati, xom ashyo zahirasi toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi. Shuningdek, yurtimizda xorijiy investorlarga yaratilgan sharoitlar va eksportyor korxonalar uchun berilayotgan imtiyozlar tushuntirildi. Soliq va bojxona imtiyozlari toʻgʻrisida axborot taqdim etildi.

Muloqot chogʻida Xitoy kompaniyasi Oʻzbekistonda sport poyabzallari, ishlab chiqarishni maqsad qilganini bildirdi. Investor qayd etganidek, Oʻzbekistonda biznes muhiti uchun qulay sharoit yaratilgani, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sabab, bugun Xitoy kompaniyalari Oʻzbekistonga oʻz sarmoyasini kiritishga qiziqish bildirmoqda.

Onlayn muloqotda charm-poybazal tarmogʻida samarali faoliyati olib borayotgan 15 dan ortiq mahalliy korxonalarimiz ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Xitoylik investorga oʻz takliflarini bildirdi. Qoʻshma loyihani amalga oshirish boʻyicha qator investitsiya loyihalari taqdim etdi.

Konstruktiv ruhda boʻlib oʻtgan uchrashuvda Xitoy kompaniyasiga mahalliy korxonalar tomonidan bildirilgan takliflar qoʻllab-quvvatlanib ular bilan hamkorlikning kelgusi istiqbollarini belgilab olish boʻyicha muloqotlarning navbatdagi raundini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston-Xitoy oʻrtasida charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻi yoʻnalishida manfaatli hamkorlik aloqalarini kengaytirish boʻyicha qator tashkiliy va amaliy masalalar muhokama qilib olindi.