“MADE IN UZBEKISTAN” BRENDI BOKUDA
Joriy yilning 15-17-dekabr kunlari Ozarbayjonda “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.
Oʻzbekistonning tashrif qogʻoziga aylangan ushbu koʻrgazma mamlakatimizning Ozarbayjondagi elchixonasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi eksportni ragʻbatlantirish agentligi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Mamlakatimizning yagona pavilionida charm-poyabzal, toʻqimachilik, ipak, oziq-ovqat, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika, metalurgiya, qurilish, mebel va mashinasozlik kabi sohalarda faoliyat olib borayotgan 80 dan ortiq Oʻzbekiston kompaniyalar oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Shuningdek, oʻzbek xalqining vinochilik madaniyati, sayyohlik salohiyati, xalq amaliy sanaʼti naʼmunalari namoyish etilmoqda.
Oʻzbekiston charm-poyabzal tarmogʻi yutuqlarini esa 32 ta kompaniya Ozarbayjonlik hamkorlarga taqdim etmoqda. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining jamoaviy stendida 200 dan ortiq turdagi poyabzal, charm-attorlik buyumlari, moʻyna mahsulotari namoyishga qoʻyilgan.
Koʻrgazmadan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekistonning ishlab chiqarish salohiyati bilan hamkorlarni keng tanishtirish, milliy mahsulotlarimizni yanada ommalashtirish, Oʻzbekiston-Ozarbayjon ishbilarmon doiralari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishdan iborat.
Koʻrgazmaning birinchi kunidanoq ozarbayjonlik riteylerlar “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining jamoaviy stendiga katta qiziqish bildirdi. Maxsus poyabzallar va qoʻlqoplarni yetkazib beruvchi “Debet Safety” kompaniyasi bilan aloqalar oʻrnatildi. Moʻynali mahsulotlar ishlab chiqaruvchi “FX Beauty” kompaniyasi bilan franchayzing asosida hamkorlik qilish boʻyicha muzokaralar olib borildi. “The Prime Group” kompaniyasi bilan esa charm buyumlar ishlab chiqarish boʻyicha muloqotlar oʻtkazildi. Oʻz navbatida kompaniya Bokuda uyushmaning savdo uyini ochish boʻyicha amaliy tashabbus bilan chiqdi.
Koʻrgazma doirasida ishbilarmonlik uchrashuvlari, taqdimotlar, matubot anjumanlari kabi koʻplab tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.