ERON O'ZBEKISTONDA POLIURETAN XOM ASHYOSINI ISHLAB CHIQARISHNI REJALASHTIRMOQDA
“O'zcharmsanoat” uyushmasida Eronning “Mokarrar” xolding kompaniyasi bilan charm-poyabzal sanoati uchun zarur bo'lgan poliuretan xom ashyosini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi qo'shma loyihani amalga oshirish bo'yicha muzokara bo'lib o'tdi.
Muloqot avvalida Uyushma rahbariyati Eron kompaniyasiga mamlakatimizning charm-poyabzal va mo'yna sanoatining ishlab chiqarish salohiyati, investision dasturlar va xorijlik sarmoyadorlarga yaratilgan sharoitlar hamda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar xususida batafsil ma'lumot taqdim etdi.
Qayd etish kerak, bugungi kunda mamlakatimiz charm-poyabzal, elektrotexnika, avtomobilsozlik sanoatlari uchun mazkur turdagi xom ashyo import qilinmoqda. Mamlakatimizda charm-poyabzal sanoati yildan yilga rivojlanib, ishlab chiqarish hajmi ortib bormoqda. Bu o'z navbatida mahalliy korxonalarimizni sifatli va arzon xom ashyo bilan ta'minlash masalasini xam kun tartibiga olib chiqadi. Xususan, poyabzal ishlab chiqarish soxasida poliuretan xom ashyosiga talab yuqori. Ayni vaktda mazkur xom ashyo xorijdan olib kelinadi.
Eronning “Mokarrar” xolding kompaniyasi esa aynan poliuretan xom ashyosini ishlab chiqarish bo'yicha dunyoda yetakchilardan biri sanaladi. Xozirgi kunda kompaniyaning Turkiya, Xitoy, BAAda filiallari faoliyat olib boradi. 1600 dan ortiq korxonalar bilan xom ashyo yetkazib berish bo'yicha hamkorlik qilib keladi.
Muloqot chog'ida Eron kompaniyasi bilan uchta yo'nalishda hamkorlik qilish bo'yicha tashabbuslar ilgari surildi. Birinchi navbatda mahalliy korxonalar bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni yo'lga qo'ygan xolda hamkorlik, ikkinchi uyushma qoshidagi “Uzcharmimpeks” korxonasining yetkazib berish imkoniyatlaridan foydalanish hamda uchinchi yo'nalish mazkur turdagi xom ashyoni O'zbekistonda ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma loyihani amalga oshirishdir.
Uchrashuv chog'ida Eron kompaniyasiga poliuretan xom ashyosini ishlab chiqarish bo'yicha Andijon, Namangan viloyatlari, Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar xususida ma'lumot berildi. Muzokaralar chog'ida Eron kompaniyasi bu yo'nalishda hamkorlikka tayyor ekanligini ma'lum qilib, loyihalar bilan yaqindan tanishishni maqsad qildi.
Shuningdek, O'zbekistonda tayyorlangan ikkilamchi teri va tayyor charm-poyabzal mahsulotlarini xarid qilish bo'yicha ham muzokaralar bo'lib o'tdi.