SFL XALQARO TASHKILOTI OʻZBEKISTON KOMPANIYALARIGA YEVROPA STANDARTLARINI OLISHDA AMALIY YORDAM BERADI
Ayni paytda mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan charm va undan tayyorlanayotgan poyabzal, charm-attorlik buyumlari dunyoning 40 dan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda. Mahalliy brendlarimizning navbatdagi maqsadi Evropa Ittifoqi bozorida oʻz oʻrnini egallash. Biroq mazkur bozorga kirishning asosiy talabi sanoat korxonalari xalqaro ishlab chiqarish standartlariga muvofiqlikni tasdiqlovchi xalqaro sifat sertifikatlariga ega boʻlishi lozim.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyatining SFL xalqaro tashkiloti vakillari bilan uchrashuvida xalqaro sertifikatlar olish tartibini tezlashtirish boʻyicha amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Taʼkidlash joizki, SFL terini qayta ishlash sanoatining barqaror rivojlanishi, koʻnchilik korxonalariga turli ilmiy va sifat koʻrsatkichlarini yaxshilashda koʻmak koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi tashkilotdir. Rivojlangan mamlakatlarning charm sanoati tarmoqlarida loyihalarni amalga oshiradi, shuningdek, muayyan sifat sertifikatlarini beradi.
Uchrashuvda mamlakatimiz korxonalarining Yevropa bozoriga chiqishi va mahsulot eksporti uchun zarur sertifikatlar olish borasidagi ishlar muhokama qilindi. Xalqaro tashkilot Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.