June 21, 2022

ROSSIYANING “KZSK” KOMPANIYASI O'ZBEKISTONDA BIZNESINI RIVOJLANTIRISH NIYATIDA

“O'zcharmsanoat” uyushmasida “Qozon sintetik kauchuk zavodi” AJ vakili bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish, o'zaro hamkorlikning yangi yo'nalishlarini belgilab olish muhokamaning asosiy mavzusiga aylandi.

Ma'lumot uchun, “Qozon sintetik kauchuk zavodi” AJ Rossiyadagi neft-kimyo sanoatining yetakchi korxonalaridan biri hisoblanadi. Zavodda MDH davlatlari va uzoq xorij mamlakatlarida sanoatning turli tarmoqlari uchun mo'ljallangan yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ayni vaqtda korxonada 160 nomdagi mahsulot tayyorlanadi.

“Qozon sintetik kauchuk zavodi” AJ o'z biznesini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar manzilini izlashda davom etmoqda. Kompaniya rahbariyatining ta'kidlashicha, bugungi kunda Markaziy Osiyoning qoq markazidagi qulay geografik joylashuvga va keng logistika imkoniyatlarga ega O'zbekistonda kompaniyaning biznesini kengaytirish rejasi ustuvor yo'nalishlardan biri deya baholanmoqda. Rossiyaning kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi ushbu taniqli korxonasi yaqin kunlarda Toshkent viloyati Chirchiq shahrida poyabzal sanoati uchun talab yuqori bo'lgan poliuretan va kauchuk birikmalari kabi kimyoviy moddalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo'shma korxonani ochishni rejalashtirmoqda.

Mamlakatimizda poyabzal ishlab chiqarish hajmlarining jadal o'sishi tendensiyasi va bu borada yaratilgan imkoniyatlarga monand ravishda yillik ishlab chiqarish quvvatini hisobot davri oxiriga qadar 205 million juftga yetkazish ko'zda tutilgan. Bu esa ayni yo'nalishda katta hajmdagi butlovchi qismlar va xom ashyoga talabni oshiradi. Ayni paytda poliuretan va kauchuk aralashmalari asosan xorijdan keltirilayotganligi hisobga olinsa, mazkur yangi korxonaning ochilishi ushbu butlovchi mahsulotlarni mahalliylashtirish va poyabzal tannarxini sezilarli darajada kamaytirish vazifalari ijrosida ahamiyatga egaligini ta'kidlab o'tish mumkin bo'ladi.

Uchrashuvda kimyoviy mahsulotlarga bo'lgan talab xususida so'z yuritildi. Hamkorlikning istiqbolli jihatlari va imkoniyatlari ko'rib chiqildi. Uyushma yangi qo'shma korxonaga O'zbekistonning charm-poyabzal sanoatining poyabzal, sun'iy charm va boshqa yo'nalishlari ishlab chiqaruvchilari bilan tarmoqlararo hamkorlikni yo'lga qo'yishda ko'maklashadi hamda hamkorlik aloqalarining uzoq muddatli istiqbollariga e'tibor qaratadi.