EUROSHOES-2022: XITOY KADRLAR MASALASIDA, ROSSIYA MODA SOHASIDA HAMKORLIKKA QIZIQMOQDA
Moskvada bo‘lib o‘tayotgan “Euro Shoes Premier Collection-2022” xalqaro ko‘rgazmasining navbatdagi kuni ham “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va unga aʼzo korxonalar uchun manfaatli muloqotlar va muzokaralarga boy bo‘ldi.
Hamkorlikda investitsion loyihalarni amalga oshirish, eksport-import masalalari, yangi mavsum uchun buyurtmalar, soha uchun kadrlar tayyorlash kabi masalalarda xorijiy hamkorlar bilan muhokamalar o‘tkazildi.
Ko‘rgazma doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda “Russian association of Fashion Industry” uyushmasi o‘rtasida moda sohasida hamkorlik yuzasidan muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Rossiya uyushmasi tomonidan O‘zbekistonga rossiyalik bayerlarni jalb qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, hamkorlikda charm-poyabzal sohasida moda tendensiyalariga asoslangan yangi brendlarni yaratish bo‘yicha fikr almashildi. Uchrashuv so‘ngida ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Pekin xalqaro savdo palatasi raisi Ma Shuang bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Muloqotda O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida soha uchun kadrlar tayyorlash masalasi ko‘rib chiqildi. Xitoy tomoni so‘ngi yillarda mamlakatimizda charm-poyabzal sohasi tez surʼatda rivojlanib borayotganini taʼkidlab, endigi vazifa tarmoq uchun malakali kadrlar yetkazib berish lozimligini qayd etdi. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston bilan hamkorlikda 4 yillik o‘quv jarayonini o‘z ichiga olgan yangi dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashildi. Tashabbusga ko‘ra O‘zbekistonlik talabalar ikki yil respublikamizda ikki yil davomida XXRda taxsil olishi rejalashtirilgan.
Mazkur yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Pekin xalqaro savdo palatasi delegatsiyasi “UzCharmExpo-2022” xalqaro ko‘rgazmasiga taklif etildi. Uchrashuvda yaqin yillarda O‘zbekistonda tarmoq uchun kadrlar yetkazib beruvchi kelishuvga erishildi.
Uchrashuvda yaqin yillarda O‘zbekistonda tarmoq uchun kadrlar yetkazib beruvchi kelishuvga erishildi.
“Euro Shoes” xalqaro anjumani hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, manfaatli biznes yuritish uchun qulay platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.