May 30, 2022

O'ZBEK QORAKO'L MAHSULOTLARIGA ROSSIYADA TALAB ORTMOQDA

“O'zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati Rossiya Mo'ynachilik kengashi prezidenti Sergey Stolbov hamda “Мягкое золото” mo'yna va charm assosiasiyasi vakillaridan iborat Rossiya delegasiyasi bilan uchrashuv o'tkazdi.

Muloqot avvalida rossiyalik mehmonlar poytaxtimizda bo'lib o'tgan “UzCharmExpo-2022” 12-xalqaro ko'rgazma-yarmarkasi yuqori saviyada va muvafaqqiyatli tashkil etilganligi, xalqaro hamkorlik aloqalarni yo'lga qo'yishda samarali platforma vazifasini o'taganligini bilan Uyushma rahbariyatini tabrikladi.

Uchrashuvda O'zbekiston va Rossiya o'rtasida mo'ynachilik sohasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalasi atroflicha muhokama etildi. Qayd etish kerakki, bugungi kunda O'zbekiston qorako'l mahsulotlarini yetishtirishda dunyoda ikkinchi o'rinda turadi. Sifat va narxning uyg'unligi esa uni jahon bozoridagi qiymatini yanada oshirmoqda. Rossiya mo'ynachilik kengashi prezidenti Sergey Stolbov bugungi kunda Rossiya bozorida o'zbek qorako'l mahsulotlariga talab ortib borayotganini ta'kidladi. SHu bois ayni yo'nalishdagi aloqalarni yanada rivojlantirish hamda savdo-sotiq masalalarini soddalashtirish bo'yicha takliflarni ko'rib chiqish yuzasidan o'z tashabbusini bildirdi.

Shuningdek, uchrashuvda bugungi kunda mo'yna va jun mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning xalqaro elektron bazasi shaklantirilayotgani qayd etildi. Bu esa o'zbekistonlik tadbirkorlar uchun ham keng imkoniyatlarni ochishi ma'lum qilindi. Poytaxtimizda bo'lib o'tgan “UzCharmExpo-2022” 12-xalqaro ko'rgazma-yarmarkasi doirasida rossiyalik tadbirkorlar qorako'l mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi ko'plab mahalliy tadbirkorlarimiz bilan muzokalar o'tkazib, manfaatli kelishuvlarga erishdi.

Muloqot chog'ida “Мягкое золото” mo'yna va charm assosiasiyasi vakillari bilan Rossiyaning Pyatigorsk shahrida bo'lib o'tadigan “Мягкое золото” xalqaro ko'rgazmasida o'zbekistonlik tadbirkorlarning ishtirokini ta'minlash masalasi ham ko'rib chiqildi. Shuni o'z o'rnida ta'kidlab o'tish mumkinki, Pyatigorsk Rossiyaning mo'ynachilik sanoati poytaxti sanaladi. Bu ko'rgazmada ishtirok etish mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizga yangi bozorlarga chiqish uchun keng imkoniyatlarni ochadi.

Muloqot yakunida “O'zcharmsanoat” uyushmasi hamda “Мягкое золото” mo'yna va charm assosiasiyasi o'rtasida o'zaro hamkorlik to'g'risidagi memorandum imzolandi.