September 12, 2022

HAMKORLIKKA 30 YIL: O‘ZBEKISTON-LATVIYA IQTISODIY ALOQLARIDA YANGI DAVR

Toshkentdan yuborilgan mamlakatimiz biznes missiyasi Latviya poytaxti Rigada joriy yilning 12 sentyabr kunidan o‘z ishini boshladi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Latviyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekistonning turli sohalari vakillari bor. Biznes missiyaning maqsadi sarmoya va turizm sohalarida hamkorlikni yana-da mustahkamlashdan iboratdir.

Riga shahrida tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” biznes-forumida latviyalik ishbilarmonlarga O‘zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligi, charmsanoat, farmatsevtika sanoati imkoniyatlari, sayyohlik salohiyati, taqdim etildi.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati tadbir ishtirokchilariga charm-poyabzal va mo‘yna sanoatining ishlab chiqarish salohiyati, yangi imkoniyatlar, yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot taqdim etdi. Bugungi kunda sohada hamkorlikni mustahkamlash uchun katta zaxira mavjud. O‘zbekiston esa latviyalik hamkorlarga aniq loyihalar va biznes portfoliolarni taklif qildi.

Mamlakatimizda investorlar uchun keng ko‘lamli imtiyozlar va sharoitlar mavjud. Shuningdek, mamlakatimizning 11 viloyatida charm-poyabzal sanoati uchun barcha qulay infratuzilma va kommunal xizmatlarga ega maxsus kichik sanoat zonalari tashkil etildi. Kooperativ aloqalarni o‘rnatishda yordam ko‘rsatiladi. Bu esa vaqt va pul xarajatlarini optimallashtirishga yordam beradi. Asosiysi, mamlakatimizda zarur ishchi kuchi mavjud. Shuningdek, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Maʼlumot uchun: O‘zbekiston va Latviya joriy yilning oktyabr oyida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaydi. Bu davr oralig‘ida ko‘plab sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy aloqalar mustahkamlandi. Mamlakatimiz Latviyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim hamkorlaridan sanaladi. Shuningdek, Latviya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi ishonchli hamkorlaridir. Maʼlumotlarga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi hajmi 115 million dollarni tashkil etgan.

Biznes-forumda Latviyadagi “O‘zbekiston savdo uyi”ning imkoniyatlari haqida ham so‘z yuritildi. Shuningdek, forum doirasida B2B formatida ishbilarmonlik uchrashuvlari va “Kelgusi eksport istiqbollari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish” mavzusida panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi.