O’ZBEKISTON-TURKIYA: INVESTITSION HAMKORLIKDA NAVBATDAGI QADAM
“O’zcharmsanoat” uyushmasi hamda Turkiyaning “O`zlu Ayakkabi” kompaniyasi o`rtasida sarmoyaviy hamkorlikni yo’lga qo’yish va yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Uchrashuv avvalida uyushma rahbariyati tomonidan Turkiya kompaniyasiga mamlakatimizning charm-poyabzal va mo’ynachilik sohasidagi ishlab chiqarish imkoniyatlari, investitsion va eksport salohiyati xaqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Shuningdek, xorijiy investorlar uchun davlat tomonidan berilgan imtiyoz va yaratilgan sharoitlar haqida axborot berildi.
O’z navbatida “O`zlu Ayakkabi” kompaniyasi bosh direktori O’zbekistonning charm-poyabzal va mo`ynachilik sohalarida o`sish dinamikasi kuzatilayotgani, shu bois turk kompaniyalari O`zbekistonga o`z sarmoyalarini kiritishga katta qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun “O`zlu Ayakkabi” kompaniyasi 1982 yilda ROBERTO LENZI nomi ostida tabiiy charmdan poyabzal ishlab chiqarishni boshlagan. Ayni vaqtda kompaniya Italiya, Rossiya, AQSH, Germaniya, Angliya, Ruminiya, Bolgariya, Ukraina, Quvayt, Yaponiyadagi xalqaro kompaniyalari bilan hamkorlik qilib keladi. Roberto Lenzi jamoasi qulay va yuqori sifatli poyabzallarni loyihalashda 30 yillik tajribaga ega. Roberto Lenzi House xomashyodan tortib to tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo`lgan jarayonlarni amalga oshiradi.
Muloqot davomida turk kompaniyasi O`zbekiston bilan ham hamkorlikni yo`lga qo`yish va yangi korxona ochish tashabbusini bildirdi. Shu maqsadda respublikamiz xududlarida joylashgan ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishish istagida ekanligini bildirdi. Bundan tashqari autsorsing asosida hamkorlik qilish bo’yicha ham fikr almashildi.
Muloqot so`ngida ikki tomonlama hamkorlikning kelgusi istiqbollariga oid masalalar atroflicha muhokama etildi.