July 12, 2022

AVTOMATLASHTIRILGAN KUSHXONALAR OLDIDAGI MUAMMO VA MASALALAR TAHLIL QILINDI

“O'zcharmsanoat” uyushmasida O'zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi vakillari hamda tadbirkorlar bilan videokonferensaloqa orqali muloqot o'tkazildi. Unda qoramollarni so'yishga ixtisoslashgan zamonaviy tadbirkorlik subyektlari (kushxonalar) duch kelayotgan muammoli masalalar muhokama qilindi. Tanqidiy tahlil ruhida o'tgan ushbu yig'ilishda o'tgan davr mobaynida sohaning mazkur yo'nalishini yanada rivojlantirish yo'lida to'siq bo'layotgan muammolar va ularning yechimi xususida fikr almashildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 89 ta shunday kushxonalar mavjud bo'lib, Prezident qarori bilan “O'zcharmsanoat” uyushmasi oldiga respublikamizning har bir tuman va shaharlar markazlarida 203 ta avtomatlashtirilgan kushxonalarni barpo etish bo'yicha vazifa qo'yilgan.

Shuningdek, Uyushma tomonidan “Maqsadli loyihalar dasturi” doirasida, har bir tumanning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda, aholi zich joylashgan mahallalarda chorva mollarini so'yish va teri xom ashyosini yig'ib olish bo'yicha 108 ta ixcham mobil ko'chma xizmat ko'rsatish markazlarini tashkil etish bo'yicha ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda ayni yo'nalish rivojlanib bormoqda. Biroq hozirda zamonaviy kushxonalar olida kamchilik va muammolar ham uchrab turibdi. Tadbirkorlar bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda ayni masalalar atroflicha muhokama qilindi. Muammolarga yechim topish bo'yicha aniq chora-tadbirlar rejasi belgilab olinishiga kelishib olindi.

Uchrashuvda ishtirok etgan 60 nafardan ortiq kushxona rahbarlari o'z faoliyatlari, to'plagan tajribalari bilan o'rtoqlashdilar, shuningdek, mas'ul mutasaddi tashkilotlar vakillariga o'zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilindi.

Muloqotda ko'tarilgan masalalar orasida ayrim hollarda nazorat qiluvchi organlar xodimlari tomonidan sun'iy to'siqlar yaratilishi, cho'ponlar va fermerlar mazkur kushxonalarga jalb etishda qiyinchiliklar mavjudligi holatlariga alohida e'tibor qaratildi hamda ular yuzasidan taklif-mulohazalar bildirildi. SHuningdek, so'z borayotgan yo'nalishdagi tadbirkorlik subyektlarini tashvishga solayotgan yana bir masala – go'sht mahsulotlari savdosidagi ayrim muammoli yoki rivojlanmagan jihatlar tahlil etildi hamda bunda tadbirkorlarga ushbu mahsulot to'g'ridan-to'g'ri birinchi bosqichda ishlab chiqaruvchi (tayyorlovchi) sifatida mazkur subyektlar tomonidan sotilishi mumkin bo'lgan chakana savdo shoxobchalari faoliyati yo'lga qo'yilishida yordam choralari ko'rsatilishiga kelishib olindi.

Bir qator masalalar yuzasidan yechimlar bevosita ushbu tadbirning o'zida taklif etilib, ko'rib chiqilishi muayyan muddat zarur bo'lgan muammoli masalalar bo'yicha davom ettiriladigan choralar yig'ilish bayonnomasda tegishlicha aks ettirilishi qayd qilib o'tildi.