July 20, 2022

“PURE LONDON” XALQARO MODA KO'RGAZMASI. YEVROPA BOZORIGA ELTUVCHI YANA BIR MUHIM QADAM

Buyuk Britaniyaning poytaxti Londonda Yevropaning eng yirik ko'rgazmasi “Pure London” xalqaro ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. Unda “O'zcharmsanoat” uyushmasiga a'zo korxonalar “Made in Uzbekistan” jamoaviy stendi bilan ishtirok etdi.

1998 yildan buyon yilda ikki marta o'tkazib kelinadigan “Pure London” xalqaro ko'rgazmasi Yevropaning eng yirik moda va dizayn ko'rgazmalaridan biridir. Joriy yilgi ko'rgazma ham dunyoning 800 dan ortiq brendlari va kutyurelarini o'zida jamladi. Mamlakatimiz charm-poyabzal va mo'ynachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari moda sanoati mutaxassislariga ayollar, erakalar va bolalar poyabzallari, charm-attorlik buyumlari va aksessuarlari hamda charm mahsulotlarini taqdim etdi. 10 dan ortiq korxonalarimizning 100 ga yaqin turdagi mahsulotlari jahon kiyim-kechak, poyabzal va aksessuarlar dizaynerlari, riteylerlar, kutyurelar, mashhur brendlar, tanqidchilar va shou-biznesning taniqli shaxslari e'tibori markazida bo'ldi.

Bir necha yillardan buyon Handmade usulida charm-attorlik buyumlari, aksessuarlar ishlab chiqarib kelayotgan “The Black Quail” brendi mazkur ko'rgazmada o'zbek xalqining madaniyati go'zalliklarini, va boy ananalarimizni ochib berdi. Aynan shu jihat xalqaro hamkorlarni brend bilan muzokaralar stoliga chorladi. Eksport, yangi byurtmalar, dizayn masalalari atroflicha muhokama etildi. Xususan,k orxona Buyuk Britaniyaning “TEEFAMM” kompaniyasi bilan muhokara o'tkazdi. Mazkur Britan brendi asosan ayollar va erkaklar uchun mo'ljallangan eksklyuziv poyabzal, charm-attorlik buyumlari savdosi bilan shug'ullanadi. Muloqotda Britan kompaniyasi “The Black Quail” tomonidan ishlab chiqarilgan sumka va aksessuarlarning Londonda savdosini yo'lga qo'yish, eksklyuziv charm-attorlik buyumlarini eksport qilish bo'yicha o'z tashabbusini bildirdi. SHuningdek,Fransiyaning “Promostyl” kompaniyasi ham mahalliy charm-attorlik buyumlarimizni xarid qilish bo'yicha O'zbek korxonasi bilan samarali muloqotlarga kirishdi.

Ko'rgazma doirasida nafaqat charm-attorlik buyumlariga balki, charm mahsulotlarimizga, charmdan tayyorlangan ustki kiyimlarga ham qiziqish yuqori bo'ldi. Jumladan Polshaning “La Fenice” kompaniyasi O'zbekistonda ishlab ishlab chiqarilgan charm kurtkalarning onlayn savdosini yo'lga qo'yish bo'yicha muzokara o'tkazishdi. Bu eng avvalo mahalliy korxonamizga Yevropa ittifoqi bozorlariga o'z mahsulotlarini tez namoyish qilish imkonini beradi. SHuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan eksport-import shartnomalarini imzolash uchun platforma bo'lib xizmat qiladi. Boisi aynan “La Fenice” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan mahsulotlar Fransiya, Italiya, Germaniya kabi yirik davlatlarning mashhur berndlari savdo tarmoqlarida sotiladi. Polshaning yana bir kompaniyasi “Galant” ham O'zbekistonda ishlab chiqarilgan yorlig'i ostidagi charm-attorlik buyumlarini xarid qilishga katta qiziqish bildirdi. Manfaatli kelishuvlarga erishildi

Shuningdek, charm-poyabzal sohasidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar xususan, Xalqaro teri ishlab chiqaruvchilar kengashi (ICT), Xalqaro mo'yna federasiyasi (IFF) va Northampton universiteti bilan uchrashuvlar bo'lib o'tdi. Mulqotlarda talabalarni o'qitish bo'yicha ta'lim almashuv dasturini amalga oshirish, charm-poyabzal sohasida xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, xalqaro standart va sertifikalarni joriy qilish, jahon tajribasini mamlakatmizdagi korxonalarda qo'llash bo'yicha masalalar muhokama etildi.

Xalqaro ko'rgazma doirasida nafaqat taqdim etilgan brendlarning yangi kolleksiyalari bilan tanishish va foydali shartnomalar tuzish, balki moda industriyasining taniqli vakillarining o'z brendini targ'ib qilish va uni olib kirish bo'yicha ma'ruzalarida qatnashish imkoni yaratildi. Uchrashuvlarda xalqaro bozorga kirish, muvaffaqiyatli kompaniya imidjini yaratish kabi masalalar muhokama qilindi.“Pure London” xalqaro moda ko'rgazmasi mamlakatimiz charm-poyabzal korxonalari uchun manfaatli shartnomalar imzolash va Yevropadan yangi hamkorlar topish uchun muhim biznes maydoni bo'lib xizmat qildi.