November 15, 2021

YEVROOSIYO IQTISODIY ITTIFOQINING TASHKILIY-HUQUQIY ASOSLARI OʻZBEKISTON CHARM-POYABZAL SANOATI MANFAATLARIGA MOSMI?

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasining markaziy aparati hamda hududiy boshqarmalar ishtirokida Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YEOII) aʼzoligi mamlakatimizning charm-poyabzal va moʻynachilik sanoatiga qanday manfaatlarni keltiradi hamda qaysi shartlarda soha korxonalari bu integratsiyaga tayyor turishi lozimligi yuzasidan oʻquv seminari tashkil etildi.

Oʻquv seminarida Uyushmaning Fargʻona, Samarqand, Namangan viloyatlari boshqarmalari tomonidan mamlakatimizning YEOIIga aʼzoligi charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻiga taʼsiri, ittifoqga aʼzolikning iqtisodiy afzalliklari va soha korxonalari oldida turgan muxim vaziflar xususida tayyorlangan taxliliy materiallari muhokama etildi.

Shuningdek, Uyushmaning tashqi iqtisodiy faoliyat va eksportni ragʻbatlantirish boshqarmasi tomonidan tayyorlangan maʼlumotlar oʻquv seminari ishtirokchilariga taqdim etildi.

Qayd etilganidek, bugungi shiddatli globallushuv sharoiti jahon mamlakatlari oʻrtasida yuz berayotgan savdo-iqtisodiy munosabatlarning zamonaviy tendensiyalari – xalqaro mehnat taqsimoti va ixtisoslashuv imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalarini chuqur tadqiq etish lozimligini taqozo etmoqda. Bu oʻrinda milliy iqtisodiyotlar oldida jahon hamjamiyatiga samarali integratsiyalashuvni chuqurlashtirish orqali tashqi iqtisodiy siyosatni doimiy takomillashtirib borish vazifasi muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, iqtisodiy integratsiya milliy iqtisodiyotlarning iqtisodiy oʻsishiga taʼsir koʻrsatuvchi dinamik rivojlanuvchi jarayondir.

Shu maʼnoda, bugun Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi islohotlar samarasi jahon iqtisodiyoti tizimiga integratsiyalashishga, ayniqsa, hududiy jihatdan yaqin mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga ham bogʻliqdir. Shu nuqtai nazardan, MDH doirasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni iqtisodiy integratsiyaning muhim koʻrinishi hisoblangan yagona bojxona ittifoqi doirasida rivojlantirish, uning tashkiliy va huquqiy asoslarini takomillashtirish, bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri boʻlib qolmoqda.

Oʻquv seminari yakunida YEOIIga aʼzolik soha korxonalari uchun qanday talablarni qoʻyishi va ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar xususida tarqatma materiallar tayyorlanishi boʻyicha qaror qabul qilindi.