August 9, 2022

OLMOTA MULOQOTI: HAMKORLIKDA YANGI LOYIHALAR ISHGA TUSHADI

“O'zcharmsanoat” uyushmasi va unga a'zo korxonalardan iborat delegasiya mamlakatimizning Qozog'iston Respublikasining Olmota shahridagi bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda “Elite Line-2022” xalqaro ko'rgazmasi doirasida Qozog'iston yengilsanoat uyushmasi bilan uchsharshuv o'tkazdi. Muloqot mavzusi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalasi bo'ldi.

Uchrashuv avvalida “O'zcharmsanoat” uyushmasi Qozog'iston tomoniga bugungi kunda mamlakatimizda charm-poyabzal va mo'ynachilik tarmog'ini yanada rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan qabul qilingan qaror va normativ xujjatlar, xorijiy va mahalliy investorlarga yaratib berilayotgan sharoit va imtiyozlar, soliq, bojhona imtiyozlari, eksport-import amaliyotlarining soddalashtirilgan tartibi to'g'risida batafsil malumot taqdim etildi.

Uchrashuv davomida Qozog'iston yengilsanoat uyushmasi vakillari mamlakatning ishlab chiqarish salohiyati to'g'risida axborot berdi. Qayd etilganidek, bugungi kunda sohada 20dan ortiq tadbirkorlik sub'etlari faoliyat olib boradi. Jami charm-poyabzal mahsulotlarining 4 foizigina mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqariladi. 96 foizi esa asosan xorijdan olib kelinadi. O'zbekiston esa Qozog'istonning ayni yo'nalishdagi 10 ta yirik hamkor davlatlaridan biri sanaladi. 2022 yilning o'tgan davri mobaynida O'zbekistondan Qozog'istonga 30 mln. AQSH dollarlik charm-poyabzal mahsulotlari eksport qilingan. Shu bois Qozog'iston bu yo'nalishda O'zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilmoqda.

Uchrashuv davomida shuningdek, ikki uyushma ko'magida mamlakatlarimiz korxonalari o'rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama etildi. SHuningdek, Qozog'iston tomoni O'zbekistondan tayyor charm-poyabzal mahsulotlarini import qilishga qiziqish bildirdi. Qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha Uyushma tomonidan taqdim etilgan sarmoyaviy loyihalarni atroflicha muhokama qilindi. Dunyoda kuchayib borayotgan iqtisodiy raqobat fonida qo'shni davlatlar o'rtasida kooperasiyani rivojlantirishga alohida urg'u berldi.

Ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va aloqlarni mustahkamlash, qo'shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida Toshkenda bo'lib o'tadigan “UzCharmExpo-2022” xalqaro ko'rgazmasi doirasida B2B uchrashuvlarini tashkil etishga kelishib olindi.

Uchrashuv so'ngida ikki davlat uyushmalari o'rtasida o'zaro hamkorlikni rivojlantirishga oid memarandum imzolandi.