March 22, 2023

1-APREL "XALQARO QUSHLAR KUNI"GA BAG`ISHLANGAN "QUSHLARNI ASRAYLIK" TANLOVI

#tanlov
#ekologiya
#qushlarniasraylik

❗️Tabiat resurslari vazirligi 1-aprel — "Xalqaro qushlar kuni" munosabati bilan ''Qushlarni asraylik'' Respublika tanlovini e'lon qiladi.

📜 Tanlov shartlari juda ham oddiy. Shinam va chiroyli qush uyasini yasang hamda g'olib bo'ling.
Tanlovda ishtirok etish uchun 👉 @uzecoilm_bot orqali ro'yxatdan o'ting va o'z iqtidoringizni namoyon eting!

🎁 Tanlov gʻoliblari diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlanadi.

📣 Tanlov 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar o'rtasida bo'lib o'tadi.

👉 Tanlov shartlari haqida batafsil ma'lumotlarni quyidagi havola orqali olishingiz mumkin: https://teletype.in/@uzecoilm/qushlarkuni

⏳ Ro'yxatdan o'tish 30-mart kuni yakunlanadi📆

Tanlov 1-aprel kuni Respublikamiz barcha hududlarining istirohat bog’lari va jamoat parklarida o'tkaziladi.

📍 Tanlovning Toshkent shahri bosqichi Botanika bog'ida bo'lib o'tadi.

❓Qo'shimcha ma'lumotlar uchun:
📞 +998996339942 va https://t.me/uzecoilm

1-aprel Xalqaro qushlar kuni munosabati bilan

“Qushlarni asraylik” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Tabiat va qushlar olamiga qiziquvchi, qushlar uchun kreativ qush uyalari yasashga qaratilgan “Qushlarni asraylik” tanlovini (keyingi o‘rinlarda - tanlov) O‘zbekiston aholisining 30 yoshgacha qatlamini qamrab oladi. Tanlov qush uyalarini yasashda ishtirokchilarning innovatsion va kreativ g‘oyalari asosida ishlashi orqali yoshlarning qushlarga bo‘lgan munosabatini yaxshilash, hamda ularni keng ommaga taqdim etish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkaziladi.

Ushbu tanlov to‘g‘risidagi Nizom uni o‘tkazish shartlari, g‘oliblarni aniqlash va ularni taqdirlash tartibini belgilaydi.

2. Tanlovni o‘tkazishga Tabiat resurslari vazirligining Biologik xilma-xillik siyosatini yuritish boshqarmasi, vazirlik huzuridagi Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti va O‘zbekiston qushlarni himoya qilish jamiyati mas’ul hisoblanadi.

3. Tanlov qatnashchilar o‘rtasida kreativ va innovatsion loyiha yo‘nalishlarida ilmiy-texnik ijodkorlik va ixtirochilikni rag‘batlantirish, innovatsion faollikni oshirish hamda yangi texnologiyalar, turli ranglardan foydalangan ishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

4. Tanlovda ishtirokchilarning loyihalarini baholash va g‘oliblarni aniqlash uchun tegishli soha mutaxassislaridan iborat, besh kishidan kam bo‘lmagan tarkibdagi tanlov komissiyasi (keyingi o‘rinlarda - komissiya) tuziladi.

5. Tanlovning yakuniy bosqichini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Tabiat resurslari vazirligining davlat budjetidan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

II. Tanlovni o‘tkazish tartibi, muddatlari va shartlari

6. Tanlovda ishtirok etuvchi yoshlarni aniqlash maqsadida vazirlik va uning tizim tashkilotlari veb saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon berilib, 7 kun davomida ishtirokchilar ro‘yxatga olinadi.

7.Tanlov ishtirokchilarining ishlanmalarini baholash uchun komissiya aʼzolari orasidan uning raisi saylanadi.

8. Tanlovda qatnashayotgan bir yoki ko‘pi bilan uch nafargacha yoshlardan iborat jamoalar ishlanmalari komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.

9. Komissiya kotibi taqdimoti o‘tkazilgan va komissiya aʼzolari tomonidan baholangan loyihalar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni komissiyaga umumlashtirish uchun taqdim etadi.

10. Komissiya aʼzolari ishtirokchilar tomonidan o‘tkazilgan loyiha taqdimoti bilan tanishib, ob’yektiv baholash uchun lozim bo‘ladigan axborot va maʼlumotlarni oladi.

11. Tanlovda ishtirok etayotgan har bir loyihani ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tomonidan ilovaga muvofiq bayon yuritiladi va komissiya aʼzolari tomonidan qo‘yilgan ballar qo‘shib umumlashtiriladi.

12. Tanlovda ishtirok etadigan loyihalar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

- Ishlanmani amalda qo‘llay olish hamda uning ishlashini ko‘rsatib bera oladigan, u haqida tushuncha va tasavvurga ega bo‘lish uchun yetarli bo‘lgan prototipi yoki ishchi (jumladan maket) nusxasining namoyish etilishi;

- Tanlovda ishtirok etadigan ishlanmalar kreativ va innovatsion g‘oyalar asosida, qo‘l mehnati bilan ishlanganligi;

13. Tanlovda ishtirok etayotgan loyihalar bo‘yicha masʼul komissiya ishiga zarur hollarda fan, texnika va boshqa sohalardagi (ko‘rib chiqilayotgan ishlanmalar bo‘yicha xolis) mutaxassislar maslahatchi sifatida jalb qilinishi mumkin.

14.Tanlov ishtirokchilarining ishlanmalarini baholash, natijalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni aniqlash tomissiya tomonidan tanlov yakunida amalga oshiriladi.

15.Tanlov natijalari, ishtirokchilar, g‘oliblar va ularning ishlanmalari to‘g‘risidagi maʼlumotlar komissiyasining bayonida ko‘rsatiladi hamda aʼzolari tomonidan imzolanadi.

16. Natijalar Komissiya tomonidan bayon bilan tasdiqlanib, Tashkilotchining masʼul vakiliga taqdim etilganidan so‘ng, yakuniy hisoblanadi va komissiya qarori bo‘yicha Tashkilotchi izoh bermaydi.

17.Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi Tashkilotchilar tomonidan tanlov yakunida amalga oshiriladi.

18. Tashkilotchi tanlov ishtirokchilarini tanlovning talab va shartlari to‘g‘risida xabardor qiladi, tanlov yakunlari bo‘yicha g‘oliblarga xabar beradi va ularni taqdirlashni tashkil etadi.

19. Komissiya aʼzolari, Tashkilotchi va homiylik qiluvchi tashkilotlarning xodimlari tanlovda ishtirok etish huquqiga ega emas.

20. Muddatidan kech yuborilgan ishlanmalar tanlovga qabul qilinmaydi.

III. Ishlanmalarni baholash

21. Tanlovda ishtirok etish uchun ajratib olingan ishlar quyidagi mezonlar asosida, har bir mezon uchun alohida 10 ballik tizim bo‘yicha baholanadi:

- ishlanmaning innovatsion yangiligi (kreativligi va turli xil ranglardan foydalanganligi);

- ishlanma materialdan yasalganligi (yog‘och, karton, plastik va boshqalar);

- qanday qush turlariga mo‘ljallanganligi (qaldirg‘och, laylak va boshqalar);

- qush uyasida suv va ozuqa bilan ta’minlashning hisobga olinganligi;

- ishtirokchi tomonidan loyiha taqdimotining mukammalligi.

22. Tanlov ishtirokchilari komissiya aʼzolariga loyihaning ilmiy va amaliy hamda ijtimoiy ahamiyatini tushuntirib bera olishini namoyish etishi lozim.

23. G‘oliblarni aniqlashda baholash jarayoni davomida har bir ishtirokchiga komissiya a’zolari tomonidan qo‘yilgan ballar umumlashtiriladi va komissiya a’zolari soniga bo‘linadi. Eng yuqori ball to‘plagan har bir o’rin bo’yicha tegishli ishtirokchilar g‘olib deb topiladi, shuningdek homiylar tomonidan qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi o‘rinlar berilishi mumkin.

24. Ishtirokchilar to‘plagan ballar bir xil bo‘lib qolgan taqdirda, komissiya a’zolari tomonidan ovoz berish bilan g‘olib aniqlanadi.

IV. Tanlov g‘oliblarini mukofotlash

25. Tanlovda “ENG YAXSHI INNOVATSION QUSH UYASI” yo‘nalishi boʻyicha 1, 2, 3-oʻrinlarni egallagan gʻoliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

26. Mukofot har bir loyiha uchun uning mualliflari sonidan qatʼi nazar, belgilangan qiymatda beriladi. Agar ikki va undan ortiq muallif ishtirokida yaratilgan ishlanmalar g‘oliblikni qo‘lga kiritsa, faqat jamoaga beriladi.

27. Tanlov g‘oliblarini taqdirlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlar vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

28. Homiylar taqdim etgan qimmatbaho esdalik sovg‘alari tashkilotchi yoki homiylar bilan kelishilgan tartibda g‘oliblarga, faol ishtirokchilarga (rag‘batlantiruvchi sovg‘a sifatida) topshiriladi.

29.  Tanlov to‘g‘risidagi maʼlumotlar va uning natijalari vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar rasmiy web-saytlari va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.