April 27, 2020

Kirish imtihonlaridagi test topshiriqlari bir qator fanlardan soddalashtiriladi

Abituriyentlar uchun bugun Test texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasidagi Umumta’lim fanlari bo‘yicha test topshiriqlarini shakllantirish bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida qisqacha ma’lumot berib o‘tamiz.

Avvalo alohida ta’kidlash lozimki, joriy yil qabul test sinovlarida qo‘llaniladigan test topshiriqlari o‘tgan yillarda foydalanilgan test topshiriqlariga nisbatan soddalashtiriladi. Buni quyidagilarda ko‘rish mumkin:

Ma’lumki, 2019/2020-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul uchun o‘tkazilgan test sinovlari jarayonida Tarix va Geografiya fanlaridan yozuvsiz xarita, jadval, rasmli test topshiriqlari qo‘llanilgan edi.

Abituriyentlarning test topshiriqlarini tez anglay olishi, fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida endilikda yana chet (ingliz, nemis, fransuz) tillaridan ham holatni ifodalashda rasmli test topshiriqlari shakllantirilmoqda. Bu odatdagi talabdan ancha oson bo‘ladi, deganidir.

Shuningdek, Biologiya va Kimyo fanlaridan rasmli test topshiriqlari soni ko‘paytirilmoqda.

Bulardan tashqari, Ona tili va adabiyotdan mustaqil o‘qish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan va fanga oid chizmali test topshiriqlari sonini ko‘paytirish ustida harakatlar olib borilmoqda.

Kimyo fanidan shakllantirilayotgan test topshiriqlari tarkibida nazariy savollar sonining oshirilishi va laboratoriya ishlariga oid test topshiriqlarini yaratish jarayonlari davom etayapti.

Soddalashtirish ishlari Fizika fani bo‘yicha ham amalga oshirilmoqda va bu quyidagi ko‘rinishda aks etadi:

- o‘tgan yillarda o‘tkazilgan qabul test sinovlarining mazkur fan bo‘yicha natijalari tahlili hamda fuqarolar murojaatlari inobatga olingan holda Fizika fanidan birinchi qiyinlik darajasidagi (eng oson) test topshiriqlari soni 6 tadan 10 tagacha ko‘paytiriladi;

- jami test topshiriqlari tarkibida nazariy test topshiriqlarining ulushi oshiriladi;

- abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida “Doimiy fizik kattaliklar jadvali” ishlab chiqildi va u test sinovlari jarayonida taqdim etiladi.

Qayd etish joizki, umumta’lim fanlaridan test topshiriqlarini shakllantirishda keltirib o‘tilgan o‘zgarishlar keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar o‘rganilgan, tahlil qilingan holda, ularning istaklariga muvofiq joriy etiladi.

Keyingi chiqishlarimizda ham Davlat test markazi xodimlarining abituriyentlar uchun qulaylik yaratish, puxta tayyorgarlik ko‘rishlari bilan bog‘liq faoliyatlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Davlat test markazi abituriyentlarga ko‘mak uchun doimo tayyor va ularning ruxsat etilgan manbalardan foydalanishlari, Davlat test markazi rasmiy veb-sayti orqali taqdim etilayotgan ko‘nikma hosil qilish hamda tayyorlarlik ko‘rishga qaratilgan to‘lovsiz xizmatlar orqali o‘z ko‘nikma va bilimlarini muntazam oshirib borishlari tarafdoridir.

Biz Sizlar bilan birgamiz. O‘zingizni asrang va yaqinlaringiz salomatligiga befarq bo‘lmang. #Uyda qoling!

Davlat test markazi matbuot xizmati