February 1, 2023

Janubiy Koreyaning "EIPP" hamkorlik dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar va kelajak rejalar muhokama qilindi

"O'zeltexsanoat" uyushmasi AXBOROT XIZMATIFebruary 01, 2023

Kuni kecha Toshkent shahrida Janubiy Koreyaning iqtisodiy innovatsion hamkorlik "EIPP" (The Economic Innovation Partnership Program) dasturining O'zbekistondagi loyihalari bo'yicha olib borilayotgan ishlar va kelajak rejalarini ishlab chiqishga bag'ishlangan seminar bo'lib o'tdi.

Ushbu seminarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, "O'zeltexsanoat" uyushmasi, Janubiy Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi, Eksimbanki hamda yetakchi konsalting kompaniyalarning vakillari ishtirok etdilar.

Xorijiy hamkorlar, rivojlanish dasturi doirasida olib borilgan ishlar taqdimoti bilan tanishtirildi. Bularga fotoelektr panellar ishlab chiqarish va “Yarimoʻtkazgichli elektronika va integral sxemalar innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish Klasteri”ni yaratish kabi yo'nalishlar kiradi.

Eslatib o'tamiz, mamlakatimiz prezidentining 2021-yil 16-17-dekabr kunlari Janubiy Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida “Yarimoʻtkazgichli elektronika va integral sxemalar innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish Klasteri”ni yaratish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.

Ushbu kelishuv asosida "O'zeltexsanoat" uyushmasi tomonidan Toshkent viloyatida “Yarimoʻtkazgichli elektronika va integral sxemalar innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish Klasteri” tashkil etish loyihasi uchun konsepsiyasi ishlab chiqilgan edi.

Endilikda, Janubiy Koreyaning iqtisodiy innovatsion hamkorlik (EIPP) dasturi doirasida loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asosi PWC xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan ishlab chiqiladi.

Tadbir so'ngida, ishtirokchilar 2023-yilga mo'ljallangan hamkrolikda amalga oshiriladigan ishlarning "Yo'l xaritasi"ni tasdiqlab, kelishib oldilar.

Yarimo'tkazgichlar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi bo'lgan Janubiy Koreya Respublikasi hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu ulkan loyihalar yurtimiz elektrotexnika sanoatining yanada rivojlanishida muhim o'rin egallaydi.