March 31, 2023

SURXONDARYODA KATTA HAJMLI MUZLATKICHLARNING TAQDIMOTI O'TKAZILDI

Mamlakatimizda oziq-ovqat xafvsizligini ta'minlash, mahalliy tadbirkorlar o'rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish va yurtimiz bo'ylab milliy elektrotexnika mahsulotlarining taqdimotlarini o'tkazish maqsadida "O'zeltexsanoat" uyushmasi, uyushmaga a'zo korxonalar, mahalliy hokimiyat vakillari, ijtimoiy soha obyektlari va qishloq xo'jaligi sohasi mutasaddilari bilan hamkorlikda muntazam targ'ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqdalar.

Shu kabi tadbirlardan biri kuni kecha Surxondaryo viloyati Termiz shahriga yaqin hududda joylashgan issiqxonalar majmuasida tashkil etildi. Uchrashuvda "O'zeltexsanoat" uyushmasi "Mahalliylashtirish, kooperatsiyani kengaytrish va importni optimallashtirish boshqarmasi", "Texnopark" MChJ ma'sul xodimlari, viloyat qishloq xo'jaligi sohasi mutasaddilari, fermer va dehqon xo'jaliklari vakillari ishtirok etdilar.

Tashviqot tadbirida "Texnopark" MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo'ljallangan turli hajmdagi ko'chma muzlatkichlarning taqdimoti o'tkazildi. Bunda ushbu mahsulotning xususiyatlari, xarid qilish jarayonlari, ustunliklari haqida batafsil ma'lumot berildi.

Masalan, ushbu turdagi muzlatkichlarga mahalliy servis markazlari tomonidan tezkor xizmat ko'rsatish, sotib olishda davlat tomonidan 50% gacha subsidiyalar ajratish, 3 yillik kafolat muddati va boshqa jihatlar yig'ilganlarga atroflicha tushuntirildi.

Ushbu mahsulotni sotib olgan fermer yoki dehqonlar ta'minot zanjirining birinchi qo'li sifatida, o'zlari yetishtirgan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlab qo'yib, istalgan davrda sotish orqali yuqori darajadagi daromadga ega bo'lishi, shuningdek, bu orqali qish va bahor fasllarida bozorlarda qishloq xo'jaligi mahsulotlari narxining sun'iy ko'tarilib ketishining oldini olishi mumkinligi haqida keng tushunchalar berildi.

Shu bilan birga, sotib oluvchilarning xohishlariga qarab, ushbu muzlatkichlarga quyosh panellarini o'rnatib berish orqali chekka hududlardagi fermer va dehqonlar bemalol ushbu zamonaviy mahsulotni uzluksiz ishlatishiga oid fikrlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi. Tadbir so'ngida, ishtirokchilarning ko'pchiligi ushbu turdagi muzlatkichlarni xarid qilish istagini bildirdi.

Surxondaryo O'zbekistonning eng issiq, shuningdek, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirishda respublikada yetakchi hududi sanaladi. Shu sababli ham, mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan bu turdagi muzlatkichlar voha fermer va dehqonlari og'irini yengil qilishda original yechim hisoblanadi.