February 20, 2023

ISSIQLIK ELEKTR STANTSIYALARI BILAN KOOPERATSIYA ALOQALARI MUSTAHKAMLANADI

Kuni kecha "O‘zeltexsanoat" uyushmasining mahalliylashtirish, kooperatsiyani kengaytirish va importni optimallashtirish boshqarmasi tomonidan respublikadagi issiqlik elektr stantsiyalari tarmog‘idagi korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – shu kungacha import asosida olib kelinayotgan issiqlik elektr stantsiyalari uchun ishlatiladigan bug‘-gaz va gaz trubina qurilmalari uchun butlovchi qismlarni o‘zimizda mahalliylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.

Respublikada yagona bo‘lgan “Texnopark” MChJ korxonalari tomonidan issiqlik elektr stantsiyalari uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlarni bu yerda tayyorlash imkoniyatlari, texnologik jarayonlar ko‘zdan kechirildi. Mutaxassislar bilan birgalikda import asosida olib kelingan butlovchi qismlar va xomashyolarning texnik parametrlari va tarkibini o‘rganish uchun korxona laboratoriyasida kichik sinov amalga oshirildi.

“Texnopark” MChJ korxonalarida ishlab chiqarish va butlovchi qismlarni yetkazib berish salohiyati yuqoriligi bois issiqlik elektr stantsiyalari bilan kooperatsiya aloqalarini tezroq yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham o‘zaro kelishib olindi.