Sunʼiy intellekt yordamida suv omborlariga kelishi kutilayotgan suvlarni prognoz qilish tizimi ishlab chiqilmoqda
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan suv resurslarini samarali boshqarish hamda gidroenergetika obyektlarining ishonchli faoliyatini taʼminlash maqsadida, sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan “UzHydroAI” axborot-tahlil tizimi ishlab chiqilmoqda.
Mazkur tizim suv omborlariga kelib tushadigan suv hajmlarini oldindan prognoz qilish, gidrologik jarayonlarni intellektual tahlil qilish va qaror qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirishga qaratilgan zamonaviy yechim hisoblanadi.
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, yog‘ingarchilik rejimining o‘zgaruvchanligi, muzliklar erishi hamda suv resurslarining cheklanganligi sharoitida suv oqimlarini aniq prognoz qilish dolzarb vazifalardan biriga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, “UzHydroAI” tizimi suv resurslarini boshqarish sohasida zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tizim suv omborlariga kelib tushishi kutilayotgan suv hajmlarini kunlik, haftalik va mavsumiy kesimlarda prognoz qilish imkonini beradi. Bunda sunʼiy intellekt va mashinali o‘qitish (Machine Learning) algoritmlari orqali 30 yillik tarixiy gidrologik maʼlumotlar tahlil qilinib, har bir suv ombori uchun alohida prognoz modellari shakllantirilgan.
“UzHydroAI” platformasi quyidagi asosiy maʼlumot manbalari bilan integratsiya qilingan:
- gidrometeorologik maʼlumotlar, jumladan havo harorati, yog‘ingarchilik va shamol ko‘rsatkichlari;
- MODSNOW sunʼiy yo‘ldosh platformasi orqali tog‘ hududlaridagi qor qoplami holati;
- telemetriya tizimlari orqali suv omborlarining real vaqt rejimidagi kirish-chiqish ko‘rsatkichlari, suv sathi va hajmi haqidagi maʼlumotlar.
Tizim quyidagi strategik ahamiyatga ega suv omborlarida joriy etiladi:
“UzHydroAI” tizimi tarkibida texnik xavfsizlik monitoringi moduli ham ishlab chiqilgan bo‘lib, barcha nazorat-o‘lchash qurilmalaridan kelayotgan maʼlumotlar avtomatik tarzda yig‘iladi va tahlil qilinadi. Bu esa gidrotexnika inshootlarining texnik holatini doimiy nazorat qilish hamda ehtimoliy xavflarni oldindan aniqlash imkonini beradi.
Shuningdek, tizimning yagona intellektual dashbordi orqali barcha suv omborlari bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar, suv kirimi va chiqimi dinamikasi, prognoz grafiklari, qor qoplami tahlili hamda texnik xavfsizlik holati interaktiv formatda aks ettiriladi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mazkur platforma iqlim o‘zgarishi taʼsiri kuchayib borayotgan sharoitda suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish, suv tanqisligi xavfini kamaytirish hamda gidroenergetika tizimlarining barqaror ishlashini taʼminlashda muhim raqamli yechimlardan biri bo‘ladi.