#Gidroenergetikani_rivojlantirish_sari #Dastur_2026_2032_ijrosi_sari
2026-yilning asosiy maqsadlari: barqaror energiya va yangi gidroquvvatlar sari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-maydagi “Gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–163-son qarori mamlakatimizda gidroenergetika tarmog‘ini yangi bosqichga olib chiqish, “yashil” energetika ulushini kengaytirish hamda energiya xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim hujjat bo‘ldi. Mazkur qarorda belgilangan ustuvor vazifalar doirasida istiqbolli investitsiya loyihalari, zamonaviy gidroenergetik obyektlar hamda “milliy loyihalar”ni jadallashtirish asosiy maqsad sifatida belgilangan.
Joriy 2026-yil O‘zbekgidroenergo uchun yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, yil davomida umumiy quvvati 114 MVt bo‘lgan 9 ta yirik va istiqbolli loyihani foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ushbu obyektlar orqali yillik o‘rtacha 536,9 mln kVt.soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarilishi taʼminlanadi.
Foydalanishga topshirilishi belgilangan loyihalar quyidagilardan iborat:
Namangan viloyati Norin daryosida Norin GESlar kaskadi qurilishi (GES №2) – 38 MVt;
Qashqadaryo viloyati Rabat, Chappasuy, Tamshush GESlari qurilishi – 24 MVt;
Namangan viloyati Katta Andijon kanalida KGESlar kaskadi qurilishi – 23 MVt;
Andijon viloyati Janubiy Farg‘ona kanalida JFK-3 KGES qurilishi – 6,9 MVt;
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida shamol stansiyasi qurilishi – 20 MVt;
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida Varganza mikro GES qurilishi – 0,3 MVt;
Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida Arabbandi mikro GES qurilishi – 0,4 MVt;
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida Zarchob-3a mikro GES qurilishi – 0,5 MVt;
Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida Bot-bot mikro GES qurilishi – 0,5 MVt.
Mazkur loyihalarning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini yanada oshirish, hududlarning energetik barqarorligini mustahkamlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar hajmini kamaytirish orqali ekologik barqarorlikni taʼminlashga ham munosib hissa qo‘shadi.
Prezident qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan mazkur keng ko‘lamli ishlar Yangi O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini qaror toptirish, gidroenergetika sohasining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va energetika infratuzilmasini zamonaviy bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.